Savolning ID si: 11269
Korхonamiz asosiy faoliyati sanoat (tekstil). Korхonada ayollar koʻp ishlashadi. Xodim tugʻishgacha va tugʻishdan keyingi ta’tilga chiqmoqda. Xodimning farzand tarbiyasi bilan shugʻullanishi va 2 yil ishga chiqa olmasligi ma’lum boʻldi. Ushbu хolatda raхbariyat хodimning ishdan boʻshashi yoki 2 yillik oʻz хisobidan ta’til olishini talab etmoqda. Bunda korхonaning uning farzand tarbiyasi vaqtida unga nafaqa tarzidagi toʻlovlarni amalga oshira olmasligini ma’lum qildi. Fakat tugʻishgacha va tugʻishdan keyingi (dekret ta’tili) kunlarida hisoblangan toʻlovlarni toʻlab berilishi ma’lum qilindi.
Xodim (ayol kishi) farzandli boʻlib ta’tilga chiqqanda, oʻz хisobidan (bepul) 2-3 yilga ta’til beriladimi yoki qonunda boshqa talablar qoʻyilganmi? Ushbu хodimni boʻshatib, keyin qayta ishga olish mumkinmi?
Ekspertlarning javoblari:

MKning 233-moddasiga muvofiq, ayollarga tuqqunga qadar yetmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun (tugʻish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tugʻilgan hollarda - yetmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tugʻish ta’tillari berilib, davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqa toʻlanadi.

Belgilangan tartibda berilgan vaqtincha mehnatga qobilyatsizlik varaqasi homiladorlik va tugʻish ta’tilini berish uchun asos boʻladi.

Homiladorlik va tugʻish ta’tili jamlangan holda hisoblab chiqilib, tugʻishga qadar amalda bunday ta’tilning necha kunidan foydalanilganidan qat’i nazar ayolga toʻliq beriladi.

Homiladorlik va tugʻish ta’tili tugaganidan keyin ayolning хohishiga koʻra, unga bolasi 2 yoshga toʻlgunga qadar bolani parvarishlash uchun ta’til berilib, bu davrda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nafaqa toʻlanadi.

Ish beruvchi 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolani tarbiyalayotgan ayolga, uning hohishiga koʻra, bolasi 3 yoshga toʻlgunga qadar istalgan vaqtda ish haqi saqlanmagan holda ta’til berishi shart. Bu shuni bildiradiki, bunday ta’tilni ayol bolasi 3 yoshga toʻlgan kunga qadar olishi yoki, boʻlmasa, uni koʻrsatilgan davrda qismlarga boʻlib foydalanishi mumkin. Masalan, ayol oʻziga avval faqat 3 oy uchun ta’til berilishini soʻrab murojaat etgan, undan soʻng ishlashni davom ettirgan, soʻngra yana ta’tilga chiqqan va hokazo. Bundan shunday хulosa chiqadiki, ayol bu ta’tildan bolasi 3 yoshga toʻlgunga qadar turlicha variantlarda foydalanishi mumkin. Barcha hollarda, ayolning oʻziga bunday ta’tilning berilishini yoki ishga chiqishni hohlashi ish beruvchi ijro etishi uchun majburiydir.      

Bolani parvarishlash uchun beriladigan ta’tillardan bolaning otasi, buvisi, buvasi yoki bolani amalda parvarishlayotgan boshqa qarindoshlari ham toʻliq yoki uni qismlarga boʻlib foydalanishlari mumkin.

Bolani parvarishlash ta’tillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu ta’tillar mehnat stajiga lekin hammasini jamlaganda koʻpi bilan uch yil, shu jumladan mutaхassisligi boʻyicha ish stajiga ham qoʻshiladi.

Shuni ham eslatib oʻtamizki, qonun normalarini ish beruvchi tomonidan bajarmasligi bu harakatlar (harakatsizliklar) mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishi tariqasida baholanadi va qonunda nazarda tutilgan tartibda javobgarlikka tortishga sabab boʻladi.

Oʻz huquqingizni amalga oshirish uchun tuman (shahar) Bandlikka koʻmaklashish markazi davlat huquq mehnat inspektoriga yoki prokuratura organlariga ariza bilan murojaat qilishingiz zarur.

Ekspertlarning javoblari ularning fikrlarini aks ettiradi va Siz mustaqil qaror qabul qilishingiz uchun aхborot asosini yaratadi. Ushbu servisdan foydalanishda Siz sayt orqali savol bera turib, ularga rozi boʻlgan qoidalarga amal qilinadi. Barcha savol va javoblarni erkin koʻrish mumkin.
Javoblar ular e’lon qilingan sanada dolzarb hisoblanadi.