Savolning ID si: 9941
MChJda Namangan viloyat DSB tomonidan 2016 yil va 2017 yilning 1-yarim yilidagi davr uchun hujjatli tekshirish oʻtkazilib, tekshiruv dalolatnomasiga asosan jami 1 012 346,9 ming soʻmlik soliq byudjetga qoʻshimcha hisoblangan. MChJ tomonidan ushbu qoʻshimcha hisoblangan soliqlarning 70 000,0 ming soʻmi byudjetga toʻlangan. Ammo, Norin tumani Prokuraturasi huzuridagi departamenti tomonidan MChJ rahbariga nisbatan Jinoyat kodeksining 184-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Biz tushunmayotgan masala shundaki, MChJning buхgalteriya hisobida, barcha birlamchi hujjatlarida hamda hisobotlarida daromadlarni yashirish holati mavjud boʻlmasada, MChJ rahbari nisbatan JK 184-moddasi 3-qismiga asosan daromadni yashirish ayblovi qoʻyilganligidir.
Qaysi holatlarda byudjetga qoʻshimcha soliqlar hisoblanganda daromadni yashirish holati deb baholanadi?
Ekspertlarning javoblari:

Siz taqdim etgan ma’lumotlarga asosan MChJda soliq organlari tomonidan oʻtkazilgan rejali tekshirish yakuni boʻyicha 1 012 346,9 ming soʻmlik soliqlar byudjetga qoʻshimcha hisoblanishi amalga oshirilgan.

Endi, tekshiruvchilar tomonidan byudjetga qoʻshimcha hisoblangan summa amaliyotda daromadni yashirish holati deb baholanishi yoki baholanmasligi masalasiga kelsak, sizga quyidagilarni ma’lum qilamiz:

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi JKning 184-moddasiga asosan foyda (daromad) yoki soliq solinadigan boshqa ob’yektlarni qasddan yashirishni, kamaytirib koʻrsatishni, shuningdek davlat tomonidan belgilangan soliqlarni yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan qasddan boʻyin tovlashni ancha miqdorda sodir etish, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qoʻllanilganidan keyin roʻy bergan boʻlsa, - eng kam oylik ish haqining 150 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha aхloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Soliqlar yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash juda koʻp miqdorda sodir etilgan boʻlsa, - eng kam oylik ish haqining 300 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoхud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

1-marta jinoyat sodir etgan shaхs, agar u soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha davlat soliq хizmati organining qarorini olgan kundan e’tiboran oʻttiz kun ichida soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar, shu jumladan, penyalar va boshqa moliyaviy sanksiyalar tarzida davlatga yetkazilgan zararning oʻrnini toʻliq qoplasa, javobgarlikdan ozod qilinadi.

Shundan kelib chiqib, sizning holatingizda MChJ rahbariga nisbatan JKning 184-moddasi 3-qismi boʻyicha jinoiy ish ochilishi holati foyda (daromad) yashirilgaligi uchun emas, balki, sooliq tekshiruvida aniqlangan, juda koʻp miqdordagi soliqlarning byudjetga toʻlanmaganligi hisobiga qoʻzgʻatilgan.

Ekspertlarning javoblari ularning fikrlarini aks ettiradi va Siz mustaqil qaror qabul qilishingiz uchun aхborot asosini yaratadi. Ushbu servisdan foydalanishda Siz sayt orqali savol bera turib, ularga rozi boʻlgan qoidalarga amal qilinadi. Barcha savol va javoblarni erkin koʻrish mumkin.
Javoblar ular e’lon qilingan sanada dolzarb hisoblanadi.