Xodimlar bilan ta’tillar jadvalini kelishish kerakmi

preview

«Ish beruvchi xodimlar bilan kelishmasdan turib ta’tillar jadvalini tasdiqladi. Endi ulardan biri jadvaldan tashqari ta’til olish uchun ariza berdi. Ammo bu vaqtga boshqa xodimning ta’tili rejalashtirilgan.

Xodimga ta’til berishni rad etish mumkinmi? Umuman vaziyatni qanday tuzatish mumkin?» 

Savolga kadrovik.uz  iltimosiga koʻra «Norma» ekspertlari Valeriya LYaNDRES va Lenara XIKMATOVA javob berishdi:

 

Amaliyotchi-mutaxassislarning tushuntirishlarini oʻtkazib yubormaslik uchun telegram-kanalimizga a’zo boʻling.

– Ta’tillar jadvali kalendar yil boshlanguniga qadar ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra tasdiqlanadi .

Mehnat kodeksi ish beruvchini jadvalni tasdiqlashdan avval har bir xodim bilan ta’til vaqtini kelishishga majburlamaydi. Xodimlarni jadval bilan imzo ostida tanishtirish kifoya. Mehnat kodeksining 228-moddasi 4-qismida sanab oʻtilgan xodimlarning toifasi bundan mustasno boʻlib, ish beruvchi ta’tilni ularga qulay boʻlgan vaqtda berishi kerak:

  • ayollarga – homiladorlik va tugʻish ta’tilidan oldin yoki undan keyin;
  • bolani parvarishlash ta’tilidan foydalanayotgan xodimga ushbu
  • ta’tildan oldin yoki keyin;
  • oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bir yoki undan ortiq nafar bolani (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolani) tarbiyalayotgan shaxslarga (yolgʻiz ota-onaga, shu jumladan beva ayollarga, beva erkaklarga, nikohdan ajralganlarga, muddatli harbiy xizmatdagi harbiy xizmatchilarning xotinlariga, ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxslarga);
  • I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga;
  • 1941 – 1945 yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlari boʻyicha ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
  • oʻn sakkiz yoshdan kichik boʻlgan shaxslarga;
  • ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida oʻqiyotganlarga, agar ular oʻzining har yilgi mehnat ta’tilini imtihonlar, sinovlar (zachyotlar) topshirish, bitiruv malakaviy ishlarini, magistrlik dissertatsiyalarini, kurs, laboratoriya ishlarini va boshqa oʻquv ishlarini bajarish vaqtiga toʻgʻrilab olishni xohlasa;
  • «Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori» koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga;
  • jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida yoxud boshqa ichki hujjatlarda belgilangan hollarda boshqa xodimlarga.

Boshqa xodimlar bilan ta’tildan foydalanish muddatini kelishish shart emas. Albatta nizolarning oldini olish uchun ta’til vaqtini kelishish sharti jamoa shartnomasida aks ettirilishi mumkin – bu taqiqlanmagan. Ammo koʻp sonli xodimlar shtatiga va tarkibiy boʻlinmalarga ega kompaniyalarda buni qilish biroz murakkab. Negaki  xodimlarning aksariyati yozda dam olishni istaydi. Agar har bir xodimning xohish-istaklari inobatga olinsa, yozgi davrda kompaniyada ishlar shunchaki turib qoladi.  

Xodimlarga ularning manfaatlaridan kelib chiqqan holda ta’til berish uchun korxonaning haqiqiy imkoniyatlaridan kelib chiqishni tavsiya qilamiz.

Bunda jadvalda belgilangan har yilgi mehnat ta’tilini berish vaqti xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra oʻzgartirilishi mumkin. Shuning uchun, agar xodim ta’tillar jadvaliga muvofiq ta’til davriga rozi boʻlmasa, u sabablarini koʻrsatgan holda oʻzi koʻrsatgan sanada ta’til taqdim qilish iltimosi bilan ariza berishi mumkin. Ish beruvchi ushbu arizani koʻrib chiqib, xodimning iltimosini qondirishga yoki uni rad etishga hamda ta’tilni qat’iy belgilangan tartibda taqdim etishga haqli.

Kelgusida ta’tillarni rejalashtirishga rasmiy ravishda emas, balki imtiyozlar, ishlab chiqarish omillari, oʻzaro almashish imkoniyatlari va iloji boʻlsa, xodimlarning xohish-istaklarini hisobga olgan holda yondashishingizni tavsiya qilamiz.

Albatta bu holatda ham ta’tillar jadvaliga ob’yektiv sabablarga koʻra tuzatish kiritish zarur boʻlgan holatlar boʻlishi mumkin. Ammo ular minimal darajaga tushiriladi.

 

 

Ta’til va ishlamaydigan vaqt-Oʻzbekiston Respublikasi mehnat kodeksiga muvofiq dam olish vaqti, ta’tilni roʻyxatdan oʻtkazish va tartibga solish oʻzbekistonda ishlamaydigan vaqt, ta’til va ishlamaydigan vaqt, ta’til Oʻzbekistonda bayramlar qanday tashkil yetilgan. Ishlamaydigan soatlar, bayramlar va ta’tillar haqida. Kadrlar boʻlimi xodimi uchun bayramlar va ta’tillar haqida ma’lumot /oz/publish/doc/text195601_tatil_jadvalini_hodimlar_bilan_kelishish_kerakmi1