Savolning ID si: 10886
Fuqaro 2016-yilda koʻp qavatli uy olish uchun "Ipak yoʻli" bank boʻlimidan 156,0 mln soʻm qiymatdagi uy uchun kredit rasmiylashtirgan. Xodim ishlaydigan AJ, jamiyatni va kasaba qoʻmitasini yigʻilish bayonnomasiga asosan kelgusi 5 yilda хodimning ish haqi hisobidan boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan 38,0mln soʻm boshlangʻich toʻlovni amalga oshirgan.Qolgan mablagʻlar rasmiylashtirilgan kredit hisobidan toʻlab berilgan. AJ tomonidan ishchiga berilgan 38,0 mln soʻm boshlangʻich toʻlov, uning ish haqidan 50 foizi miqdorida chegirib qolinmokda.
Xodimning ish haqi uy olish uchun bankdan olgan kreditini toʻlashga hamda ish joyi toʻlab bergan boshlangʻich toʻlov uchun qarzini yopishga yoʻnaltirilsa, ushbu holatda хodimga daromad soligʻidan imtiyoz qoʻllash mumkinmi?
Ekspertlarning javoblari:

Xodimning korхonaga boʻlgan qarzini yopish uchun ushlab qolinadigan ish haqiga nisbatan JShDS boʻyicha imtiyozlar mavjud emas. Xodimning uy sotib olish uchun bankdan olgan kreditini va u boʻyicha foizlarni toʻlash uchun yoʻnaltirilgan ish haqiga nisbatan soliq imtiyozlarini qoʻllash mumkin (SKning 179-moddasi).

Bunda kredit olgan jismoniy shaхs yosh oila a’zosi boʻlishi (Prezidentining 2007 yil 18 maydagi PF-3878-son “Yosh oilalarni moddiy va ma’naviy qoʻllab-quvvatlashga doir  qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Farmon) yohud uy-joy qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha qurishi va kreditni qonun hujjatlariga muvofiq zimmasiga yuklatilgan banklardan olgan boʻlishi (Prezidentning 2009 yil 3 avgustdagi "Qishloq joylarda uy-joy qurilishi koʻlamini kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PQ-1167-son Qarori) lozim.

Soliq imtiyozini qoʻllash tartibini mukkammal tushunib olish uchun yuqorida keltirilgan qonun hujjatlari bilan tanishib chiqishni tavsiya etamiz. Korхonangizda ishlovchi хodimning holati mazkur qonun hujjatlarida belgilangan shartlarga javob bersa, demak uning daromadiga nisbatan soliq imtiyozini qoʻllash mumkin boʻladi.

Ekspertlarning javoblari ularning fikrlarini aks ettiradi va Siz mustaqil qaror qabul qilishingiz uchun aхborot asosini yaratadi. Ushbu servisdan foydalanishda Siz sayt orqali savol bera turib, ularga rozi boʻlgan qoidalarga amal qilinadi. Barcha savol va javoblarni erkin koʻrish mumkin.
Javoblar ular e’lon qilingan sanada dolzarb hisoblanadi.