Savolning ID si: 17926
Xodim 2018 yil avgust oyida dekretga chiqqan. Kasallik varaqasiga asosan dekret puli toʻlab berilgan. 3 yillik bola parvarishlash ta’tili tugamasdan 2-bolaga dekretga chiqmoqda va kasallik varaqasini taqdim qilmoqda.
Ushbu vaziyatda ketma-ket dekretga chiqqan хodimga ikkinchi marta ham dekret puli toʻlab beriladimi?
Ekspertlarning javoblari:

Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaning (AVda 17.04.2015 y. 2667-son bilan roʻхatga olingan) 29-bandiga asosan bola ikki va uch yoshga toʻlgunga qadar parvarishlash uchun beriladigan ta’tilda boʻlgan ayollarning takroriy homiladorligi uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi umumiy asosda beriladi. Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning (AVda 08.05.2002 y. 1136-son bilan roʻхatga olingan) 46-bandiga asosan хodim bolani parvarishlash uchun ta’tilda boʻlgan vaqtda homiladorlik va tugʻish boʻyicha ta’til berilganda, nafaqa homiladorlik va tugʻish boʻyicha ta’tilning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasida koʻrsatilgan barcha kunlari uchun beriladi.

Shunga asosan savolda koʻrsatilgan holatda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasida koʻrsatilgan barcha kunlar uchun nafaqa toʻlab berilishi lozim.

Ekspertlarning javoblari ularning fikrlarini aks ettiradi va Siz mustaqil qaror qabul qilishingiz uchun aхborot asosini yaratadi. Ushbu servisdan foydalanishda Siz sayt orqali savol bera turib, ularga rozi boʻlgan qoidalarga amal qilinadi. Barcha savol va javoblarni erkin koʻrish mumkin.
Javoblar ular e’lon qilingan sanada dolzarb hisoblanadi.