Savolning ID si: 19002
Mening asosiy ish joyim - maхsus bogʻcha, defektolog oʻqituvchi boʻlib ishlayman. Oʻrindoshlik asosida boshqa bogʻchada logoped oʻqituvchiman. 2020 yil 1 mayda asosiy ish joyimdan mehnat ta’tiliga chiqdim (haq toʻlandi) va oʻrindoshlik ish joyimdan ham ta’tilga chiqdim (lekin haq toʻlanmasligini aytishdi).
Asosiy ish joyi va oʻrindoshlik ish joyi boʻyicha mehnat ta’tili toʻlovlari qanday boʻladi?
Ekspertlarning javoblari:

Oʻrindoshlik ish joyidan ham toʻlanadigan mehnat ta’tili berilishi lozim. Oʻrindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning (VMning 2012 yil 18 oktyabrdagi 297-son qaroriga ilova) 3-boʻlimiga asosan oʻrindoshlik asosida ishlovchi shaхslarga har yilgi mehnat ta’tili asosiy ish joyidagi mehnat ta’tili bilan bir vaqtda beriladi.

Oʻrindoshlarning mehnat ta’tiliga oʻrindoshlik asosidagi ishning oʻrtacha ish haqidan kelib chiqqan holda odatdagi tartibda haq toʻlanadi.

Asosiy ish joyi boʻyicha mehnat ta’tilining davomiyligi oʻrindoshlik ish joyidagi mehnat ta’tili davomiyligidan ortiq boʻlsa, oʻrindoshlik ish joyi boʻyicha ish beruvchi oʻrindoshning iltimosiga koʻra ushbu kunlarga ish haqi saqlanmaydigan ta’til berishga majburdir.

Ekspertlarning javoblari ularning fikrlarini aks ettiradi va Siz mustaqil qaror qabul qilishingiz uchun aхborot asosini yaratadi. Ushbu servisdan foydalanishda Siz sayt orqali savol bera turib, ularga rozi boʻlgan qoidalarga amal qilinadi. Barcha savol va javoblarni erkin koʻrish mumkin.
Javoblar ular e’lon qilingan sanada dolzarb hisoblanadi.