Savolning ID si: 23693
Byudjet tashkilotida хodimning 2021 yil sentyabrdan 2022 yil sentyabrgacha boʻlgan davr uchun beriladigan mehnat ta’tilini 2023 yilga koʻchirish mumkinmi? Agar mumkin boʻlsa, хodim 2023 yilda ikki marta mehnat ta’tiliga chiqishi mumkinmi? Mehnat kodeksining 145-moddasiga asosan mehnat ta’tilini boshqa vaqtga koʻchirish mumkinmi? Yangi Mehnat kodeksining 230-moddasiga koʻra har yilgi mehnat ta’tilining bir qismini keyingi ish yiliga koʻchirish mumkinmi?
Ekspertlarning javoblari:

MKning 145-moddasida ta’tilni uzaytirish yoki boshqa muddatga koʻchirishga asos boʻladigan хodimning oʻzi bilan bogʻliq hollar koʻrsatib oʻtilgan. Bular: vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida, homiladorlik va tugʻish ta’tili muddati boshlanganda, yillik ta’til oʻquv ta’tiliga toʻgʻri kelib qolganda, davlat yoki jamoat vazifalarini bajarayotganda. Agar ushbu hollar ta’til boshlangunga qadar kelib chiqqan boʻlsa, хodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga binoan ta’tildan foydalanishning yangi muddati belgilanadi. Bunday hollar ta’til davrida kelib chiqqanda ta’til tegishli kunlar soniga uzaytiriladi yoki хodim bilan ish beruvchining kelishuviga binoan ta’tilning foydalanilmay qolgan qismi boshqa muddatga koʻchiriladi. Yuqorida koʻrsatilgan hollar mavjud boʻlganda 2021 yil sentyabrdan 2022 yil sentyabrgacha boʻlgan davr uchun beriladigan ta’tildan 2022 yilda foydalanish imkoniyati boʻlmaganligi uchun хodim ish beruvchi bilan kelishgan holda ushbu ta’tilni 2023 yilda olishi mumkin. Bunda 2022 yil sentyabrdan 2023 yil sentyabrgacha boʻlgan davr (keyingi davr) uchun beriladigan ta’tilni ham 2023 yilda olish mumkin. Ya’ni 2023 yilda ikki marta ta’tilga chiqish mumkin.

Yangi Mehnat kodeksi 30.04.2023 yildan kuchga kiradi. Lekin har yilgi mehnat ta’tilining bir qismini keyingi ish yiliga koʻchirish toʻgʻrisidagi shart amaldagi Mehnat kodeksining 143-moddasida ham koʻrsatilgan. Mazkur moddaga asosan ta’til har yili, shu ta’til berilayotgan ish yili tugagunga qadar berilishi lozim. Ishlab chiqarish tusidagi sabablarga koʻra joriy yilda ta’tilni toʻliq berish imkoni boʻlmagan alohida hollarda, хodimning roziligi bilan ta’tilning 12 ish kunidan ortiq boʻlgan qismi keyingi ish yiliga koʻchirilishi mumkin, shu yili undan albatta foydalanilmogʻi lozim. MKning 145-moddasidan farqli ravishda MKning 143-moddasida хodim bilan bogʻliq boʻlmagan, ish beruvchida paydo boʻlgan, ya’ni ishlab chiqarish tusidagi sabablarga koʻra mehnat ta’tilini keyingi yilga oʻtkazish mumkinligi koʻrsatilgan. Bundan tashqari, 145-moddada koʻrsatilgan hollar boʻlganda ta’tilni butunlay boshqa vaqtga (nafaqat keyingi yilga) koʻchirish mumkin, MKning 143-moddasida koʻrsatilgan sabablar boʻlganda esa ta’tilning faqat 12 ish kunidan ortiq boʻlgan qismini (yangi Mehnat kodeksi boʻyicha 14 kalendar kundan ortiq boʻlgan qismini) keyingi yilga koʻchirish mumkin.

Ekspertlarning javoblari ularning fikrlarini aks ettiradi va Siz mustaqil qaror qabul qilishingiz uchun aхborot asosini yaratadi. Ushbu servisdan foydalanishda Siz sayt orqali savol bera turib, ularga rozi boʻlgan qoidalarga amal qilinadi. Barcha savol va javoblarni erkin koʻrish mumkin.
Javoblar ular e’lon qilingan sanada dolzarb hisoblanadi.