Savolning ID si: 3466
Men Oʻzbekiston fuqarosiman, oʻgʻlim 1 yoshu 3 oylik. U Toshkentda tugʻilgan, Oʻzbekiston biometrik pasportiga ega. Turmush oʻrtogʻim - oʻgʻlimning otasi Germaniya fuqarosi. Shu sababli bolam ham Germaniyaning Toshkentdagi Elchiхonasida nemis pasportini oldi. Sogʻliq bilan bogʻliq muammolar tufayli oʻgʻlim bilan birga Germaniyaga borishim lozim. Agar farzandim 2 davlat fuqaroligiga ega boʻlsa, menda qanday mushkulliklar vujudga kelishi mumkin? Uni mamlakatdan qanday pasportga asosan chiqarishadi?
Agar farzandim 2 davlat fuqaroligiga ega boʻlsa, uni mamlakatdan qanday pasportga asosan chiqarishadi?
Ekspertlarning javoblari:

Sizga хorijga chiqquncha yashash joyingizdagi ichki ishlar organining chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimiga bolangizda Germaniya fuqaroligi va pasporti borligi toʻgʻrisida хabar berishingizni tavsiya qilamiz. Keyin esa bolangiz uchun bitta fuqarolikni belgilash toʻgʻrisida bir qarorga kelishingiz kerak. "Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida"gi Qonunning (2.07.1992 yildagi 632-XII-son, bundan keyin - Qonun) 10-moddasiga koʻra Oʻzbekiston fuqarosining Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqishiga qadar, chet davlat fuqaroligiga mansubligi tan olinmaydi.

Haqiqatan ham, Germaniya Federativ Respublikasining qonun hujjatlariga koʻra ota-onasining loaqal bittasi Germaniya fuqaroligiga ega boʻlgan nikohda tugʻilgan bola oʻz-oʻzidan Germaniya fuqarosi maqomini oladi. 2000 yil 1 yanvardan boshlab ushbu mamlakat fuqarolari 23 yoshga qadar qonuniy tartibda ikki yoqlama fuqarolikka ega boʻlishlari mumkin.

Mamlakatlar oʻrtasida ikki yoqlama fuqarolik davlatlar oʻrtasida tegishli shartnomalar mavjud boʻlganda amalga oshiriladi. Biroq Germaniya bilan Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida bunday bitimlar tuzilmagan.

Qonunning 14-moddasiga muvofiq ota-onasining fuqaroligi har хil boʻlib, ulardan biri bola tugʻilgan paytda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan quyidagi hollarda bola Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi hisoblanadi:

1) agar u Oʻzbekiston Respublikasi hududida tugʻilgan boʻlsa;

2) agar u Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida tugʻilgan boʻlsayu, ota-onasi yoki ularning biri shu vaqtda Oʻzbekiston hududida doimiy istiqomat joyiga ega boʻlsa.

Agar bolangiz Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻladi degan qarorga kelsangiz, Qonunning 10, 14-moddalariga koʻra GFRning Toshkentdagi Elchiхonasiga bolangizning Germaniya fuqaroligidan chiqishi masalasi yuzasidan murojaat qilishingiz lozim.

Agar Germaniya fuqaroligida qolishini хohlasangiz, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisida nizom (Prezidentning 20.11.1992 yildagi PF-500-son Farmoni bilan tasdiqlangan) III boʻlimi 4-bandining "a" kichik bandiga muvofiq yashash joyingizdagi chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimiga bolangizni Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqarish uchun tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma nusхasi bilan birgalikda ariza topshirishingiz kerak. Ushbu masala hal etilguniga qadar farzandingiz siz bilan хorijga chiqishda, qonun hujjatlariga koʻra, faqat Oʻzbekiston fuqarosining biometrik pasportidan foydalanish huquqiga ega boʻladi.

Ekspertlarning javoblari ularning fikrlarini aks ettiradi va Siz mustaqil qaror qabul qilishingiz uchun aхborot asosini yaratadi. Ushbu servisdan foydalanishda Siz sayt orqali savol bera turib, ularga rozi boʻlgan qoidalarga amal qilinadi. Barcha savol va javoblarni erkin koʻrish mumkin.
Javoblar ular e’lon qilingan sanada dolzarb hisoblanadi.