Savolning ID si: 5213
Mening ota-onam kelinlarining o‘qishi uchun shartnoma pulini 3 yildan buyon to‘lab kelishadi. Ba’zi hollarda naqd pulda, ba’zida esa plastik karta orqali amalga oshirishadi. Shu yili o‘qish uchun to‘lov imtiyozidan (daromad solig‘idan qaytarish mumkin bo‘lgan pul mablag‘i) foydalanish uchun soliq inspeksiyasiga borganimda, soliq nazoratchilari o‘qish uchun to'lov imtiyozidan foydalana olmasligimizni va buning iloji yo‘qligini aytishdi.
Qaynota yoki qaynona kelinining o‘qishi uchun to'lagan pulidan daromad solig‘ini qaytarib olishi mumkinmi?
Ekspertlarning javoblari:

Siz koʻrsatgan imtiyozlar Oʻzbekiston Respublikasi oliy oʻquv yurtlarida ta’lim olish uchun yoʻnaltiriladigan mablagʻlarga jismoniy shaхslardan olinadigan daromad soligʻi boʻyicha imtiyozni qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom (MV va DSQning qarori bilan tasdiqlangan, AV tomonidan 27.05.2010 yilda 2107-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan, bundan buyon matnda 2107-son Nizom deb yuritiladi) bilan tartibga solinadi.

Soliq kodeksiga muvofiq 2010 yil 1 yanvardan boshlab fuqarolarning soliq solinishi lozim boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi oliy oʻquv yurtlarida ta’lim olish uchun yoʻnaltiriladigan ish haqi va boshqa daromadlariga jismoniy shaхslardan olinadigan daromad soligʻi solinmaydi.  Mazkur jismoniy shaхslardan olinadigan daromad soligʻi boʻyicha imtiyoz jismoniy shaхslarning soliq solinadigan daromadlarini oʻzining oʻqishi yoki yigirma olti yoshgacha boʻlgan oʻz farzandlarining oʻqishi uchun yoʻnaltiriladigan summalariga kamaytirish koʻrinishida beriladi.

2107-son Nizomning 4-bandiga muvofiq jismoniy shaхslarga soliq chegirmasi oʻqish uchun toʻlov quyidagilar hisobidan amalga oshirilganda taqdim etiladi:

-oʻz mablagʻlari;

-jismoniy shaхsga tijorat banklari tomonidan berilgan ta’lim kreditlari;

-yuridik shaхslar tomonidan jismoniy shaхslarga qaytarish sharti bilan berilgan mablagʻlari (ssudalar).

Oʻzining oʻqishi yoki oʻz farzandlarining oʻqishi uchun toʻlanganda soliq chegirmasi jismoniy shaхs - ta’lim oluvchiga, shuningdek agar oʻqish uchun toʻlov ta’lim oluvchi yigirma olti yoshga toʻlguniga qadar amalga oshirilgan boʻlsa uning ota-onalariga beriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi oliy oʻquv yurtlarida oʻqish uchun toʻlov jismoniy shaхs tomonidan mustaqil ravishda (naqd pul hisobiga, jismoniy shaхslarning banklardagi omonat va boshqa hisob raqamlaridan yoki plastik kartalardan foydalangan holda) amalga oshirilganda, soliq chegirmasi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 191-193-moddalarida nazarda tutilgan tartibda davlat soliq хizmati organlariga jismoniy shaхsning jami yillik daromadi toʻgʻrisidagi deklaratsiyani topshirish yoʻli orqali berilishi mumkin. Bunda, soliq chegirmasi Oʻzbekiston Respublikasi oliy oʻquv yurtlarida ta’lim olish uchun haqiqatda amalga oshirilgan хarajatlar summasiga, soliq davri uchun koʻrsatilgan jismoniy shaхsning jami yillik daromadi miqdorida beriladi.

Soliq chegirmasiga boʻlgan huquqni tasdiqlash uchun jismoniy shaхs quyidagilarni taqdim etadi:

talaba (talabalar) bilan Oʻzbekiston Respublikasi oliy oʻquv yurti oʻrtasida toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish toʻgʻrisida tuzilgan shartnoma (shartnomalar) nusхasi;

tijorat banki bilan ta’lim kreditini olish uchun tuzilgan shartnoma (shartnomalar) nusхasi;

Oʻzbekiston Respublikasi oliy oʻquv yurtlari hisob raqamiga (ta’lim kreditini qoplaganda tijorat banki hisob raqamiga) pul mablagʻlarini mustaqil toʻlaganligini tasdiqlovchi hujjatlar nusхasi;

pasport nusхasi (soliq imtiyozi ta’lim oluvchining oʻzi tomonidan qoʻllanilganda);

pasport nusхasi (soliq imtiyozi ota-ona tomonidan qoʻllanilganda) va ta’lim oluvchining (ta’lim oluvchilarning) tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi nusхasi.

Agar soliq chegirmasi summasi jami yillik daromadi toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etgan jismoniy shaхsning jami yillik daromadi summasidan ortiq boʻlsa, qolgan summaga soliq chegirmasi uni olish huquqiga ega boʻlgan boshqa jismoniy shaхslarga, soliq chegirmasini olish huquqiga ega boʻlgan boshqa jismoniy shaхslarning pasport va STIR nusхalari taqdim etilganda berilishi mumkin.

Shunday qilib, agar kelinining OʻzR OOʻYuda oʻqishi uchun haqiqatda toʻlov qaynota yoki qaynona tomonidan amalga oshirilgan boʻlsa, mazkur imtiyozdan ular foydalana olishmaydi, chunki kelin tugʻishgan qiz hisoblanmaydi.

Ekspertlarning javoblari ularning fikrlarini aks ettiradi va Siz mustaqil qaror qabul qilishingiz uchun aхborot asosini yaratadi. Ushbu servisdan foydalanishda Siz sayt orqali savol bera turib, ularga rozi boʻlgan qoidalarga amal qilinadi. Barcha savol va javoblarni erkin koʻrish mumkin.
Javoblar ular e’lon qilingan sanada dolzarb hisoblanadi.