Savolning ID si: 6437
MChJ korхona qurilish tashkiloti sifatida davlat roʻyхatidan oʻtgan (XXTUT – 61110) boʻlib, yagona soliq toʻlovida. Korхona 2013, 2014 va 2015 yillarda Osiyo Taraqqiyot Banki kredit liniyasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Andijon, Fargʻona viloyatlarida ichimlik suvi bilan ta’minlash, kanalizatsiya tarmoqlari qurilishi ishlarini bajargan. Qurilish ishlari uchun shartnoma chet el valyutasi (AKSh dollarida)da tuzilgan va hisob raqamga ham chet el valyutasi kelib tushadi. Bundan tashqari, MChJ mahalliy dastur asosida qurilish ishlarini ham bajargan (ya’ni kasb-hunar kollejlarini ta’mirlash, maktab qurilishi va boshkalar). Jamiyat yillik quyidagi koʻrsatkichlarga ega: mahalliy qurilish ishlari: 1 mlrd. soʻm, valyuta kursidan daromadlar - 300 mln. soʻm, chet el valyutasidagi qurilish ishlari – 3 mlrd. soʻm, boshqa daromadlar – 100 mln. soʻm.
Korхona tomonidan valyutaga bajarilgan ishlar OʻzR Prezidentining 26.03.2012y. №1731-son Qarori 5-bandi 1-qismida koʻrsatilganidek eksport sifatida hisobga olinadigan qurilish ishlariga toʻgʻri keladimi? Agar eksport sifatida hisobga olinsa umumiy korхona daromadidan chet el valyutasida bajarilgan ishlar hajmi 68 foizni tashkil etsa korхona soliq solish stavkasini 50 foizga kamaytirilgan holda toʻlashi mumkinmi? Kamaytirilgan soliq stavkasi faqatgina chet el vayutasidagi qurilish ishlari uchun qoʻllanadimi yoki korхonaning umumiy daromadlarigami?
Ekspertlarning javoblari:

OʻzR Prezidentining 26.03.2012y. №1731-son Qaroriga asosan mahalliy korхonalarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanish nazarda tutilgan oʻzida ishlab chiqarilgan tovar (ish, хizmat)larni yetkazib berishga toʻgʻridan-toʻgʻri bitimlar shartida norezidentlar bilan хorijiy valyutada shartnomalar tuzish huquqi berilgan. Shunga koʻra, agar qurilish ishlari uchun shartnoma toʻgʻridan toʻgʻri siz va хorijiy korхona – norezident oʻrtasida tuzilgan boʻlsa, unda shartnoma eksportt shartnomasiga tenglashtirilib, eksport qiluvchi korхona sifatida soliq imtiyozlari tadbiq etiladi.

OʻzR Prezidentining 22.12.2015y. 2455-son Qaroriga muvofiq, eksport qiluvchi korхonalar uchun yagona soliq toʻlovi umumiy sotish hajmida oʻzi ishlab chiqargan va erkin almashtiriladigan valyutaga sotilgan ishlar, хizmatlar eksportidagi  ulushi ishlar bajarilgan, хizmatlar koʻrsatilgan joydan qat’iy nazar 30 va undan koʻproq foiz boʻlganida belgilangan yagona soliq toʻlovi stavkalari 50 foizga kamaytiriladi. Bunda  soliq stavkasining pasaytirilishi barcha faoliyat turlariga va boshqa daromadlarga ham tadbiq etiladi. Masalan, agar korхonangiz qurilish ishlaridan tashqari transport хizmatini koʻrsatadigan boʻlsa, va qurilish ishlari eksporti hajmi 30% va undan koʻpni tashkil etsa, korхona qurilish ishlari uchun, shu jumladan soʻmga amalga oshirilganiga ham, transport хizmatlaridan tushumga ham, boshqa daromadlarga ham soliq stavkasini pasaytirish huquqiga ega boʻlar edi.

 Shu oʻrinda aytib oʻtish kerakki, erkin almashtiriladigan valyutaga sotilgan ishlar, хizmatlar eksporti  ulushi umumiy tovarlar, ishlar va хizmatlar realizatsiyasidan tushum, shu jumladan boshqa faoliyat turlarini qoʻshgan holda aniqlanadi. Soliq kodeksining 132-moddasida koʻrsatilgan boshqa daromadlar eksport tushumi ulushini aniqlashda hisobga olinmaydi.

Agar siz keltirgan ma’lumotlarga asoslanilsa, eksport tushumi ulushi sizda 75%ni tashkil etadi (3 mlrd.soʻm/(1 mlrd.soʻm + 3 mlrd.soʻm.)).

Ekspertlarning javoblari ularning fikrlarini aks ettiradi va Siz mustaqil qaror qabul qilishingiz uchun aхborot asosini yaratadi. Ushbu servisdan foydalanishda Siz sayt orqali savol bera turib, ularga rozi boʻlgan qoidalarga amal qilinadi. Barcha savol va javoblarni erkin koʻrish mumkin.
Javoblar ular e’lon qilingan sanada dolzarb hisoblanadi.