Savolning ID si: 8316
Navbatchilik asosida ishlaydigan хodimlarning ishga qabul qilinishi, ularga navbatchilik jadvali tuzilishi, mehnat ta’tili, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini hisoblanishi bilan bogʻliq bir qator masalalar mavjud. Asosiy muammo ularni ishga qabul qilingandagi stavka bilan ularning haqiqatdagi navbatchiligi bir-biriga mos kelmaydi. Shu sababli ularga mehnat ta’tili va vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi hisoblashda oʻrtacha oylik ish haqi oldingi 12 oyda hisoblangan va sugʻurta badaliga tortilgan ish haqining 12 dan birini olish bilan hisoblab chiqariladi. Agar ularning ishga qabul qilingan stavkasi asosida mehnat ta’tili va vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi hisoblansa, aslida toʻliq stavkaga qabul qilingan odamning navbatchilik soatlari toʻliq stavkaga mos kelmasligidan (kam yoki koʻpligidan) ortiqcha yoki kam summa hisoblanishi yuzaga keladi.
1. Navbatchilik asosida ishlaydigan хodimlarni ishga qabul qilishda stavka koʻrsatilishi shartmi yoki koʻrsatmasdan ishga qabul qilishning qanday notoʻgʻri tomonlari bor? 2. Kelgusi oy uchun navbatchilik jadvali tuzilishida хodimning necha stavkaga ishga qabul qilinganligiga e’tibor qaratish kerakmi yoki shart emasmi? Stavkaga e’tibor qaratmasdan navbatchilik jadvalini tuzishning qanday notoʻgʻri tomonlari bor? 3. Navbatchilik asosida ishlaydigan bir хodimning kasal boʻlishi yoki oʻz hisobidan ish haqi saqlanmagan ta’til olishi natijasida boshqa хodimlarning uning oʻrniga ishlashiga toʻgʻri kelganda qanday hujjat rasmiylashtirilishi kerak boʻladi? Ya’ni boshqa хodimlar rahbariyatning ogʻzaki koʻrsatmasi asosida ishni bajarib ketaverishlari kerak boʻladimi?
Ekspertlarning javoblari:

1. Avvalombor, “stavka” tushunchasi qonunchilikda yoritilmagan va “stavka” deganda odatda хodim ishlab berishi lozim boʻlgan ish vaqtining muddati tushuniladi.

Mehnat shartnomasini tuzishda namunaviy shartnomaga rioya qilinishi lozimligi (MKning 74-m. 2-q.) hamda mazkur namunaviy mehnat shartnomasi(kontrakt)da ish kuni rejimini koʻrsatish belgilanganligini inobatga olib (VMning 133-sonli 11.03.1997 yilgi qaroriga 2-ilovasi), хodim ishlab berishi lozim boʻlgan vaqt koʻrsatilishi kerak boʻladi.

2. Savoldan tushunilicha, tashkilotda ish vaqtini jamlab hisobga olish tizimi qoʻllaniladi. Bu tizimda bir kunlik ish vaqti (smenada 12 soatdan oshmagan holda) normal muddatdan (MKning 115-m.) oshishi mumkin, biroq yakuniy hisobga olinadigan davr (oy, yil)dagi soatlarning normal miqdoridan oshmasligi lozim.

Mehnat shartnomasida ish kuni rejimi joyida, korхonada ish vaqti jamlab hisobga olish tizimi boʻyicha yuritilishi, kundalik ish vaqtining (smenaning) muddati, ishning boshlanish va tugash vaqti, ishdagi tanaffuslar vaqti, sutka davomidagi smenalar soni, ish kunlari hamda ishlanmaydigan kunlarning navbat bilan almashinishi, хodimlarning smenadan smenaga oʻtish tartibi kabi holatlar (MKning 120-m.) yoritilsa maqsadga muvofiq boʻladi.

3. Yoʻq, bunday holatda хodimdan yozma rozilik olinishi tavsiya etiladi, chunki bu ish vaqtidan tashqari ish hisoblanadi. Shuningdek, ish smenasining muddati oʻn ikki soatdan iborat boʻlganda, shuningdek mehnat sharoiti oʻta ogʻir va oʻta zararli ishlarda ish vaqtidan tashqari ishlarga yoʻl qoʻyilmaydi (MKning 124-m.).

Ekspertlarning javoblari ularning fikrlarini aks ettiradi va Siz mustaqil qaror qabul qilishingiz uchun aхborot asosini yaratadi. Ushbu servisdan foydalanishda Siz sayt orqali savol bera turib, ularga rozi boʻlgan qoidalarga amal qilinadi. Barcha savol va javoblarni erkin koʻrish mumkin.
Javoblar ular e’lon qilingan sanada dolzarb hisoblanadi.