Savolning ID si: 9664
Bizning nashriyotimiz turli poligrafiya хizmatlarini koʻrsatish, buyurtma asosida kitoblarni chop qilish, doʻkon orqali kitoblarni sotish, audio-video disklar savdosi faoliyatlarini amalga oshiradi. 2017 yilning 3-choragida realizatsiyadan olingan umumiy tushumning 70% doʻkonlarimiz orqali realizatsiya qilingan (naqd pul va terminal orqali) kitoblar savdosidan tushgan pul mablagʻlarini, qolgan 30% buyurtma asosida chop qilingan kitoblar uchun pul oʻtkazish yoʻli bilan hisob raqamimizga kelib tushgan pul mablagʻlarini tashkil etadi.
Bizning korхonaga Prezidentning 13.09.2017 yildagi PQ-3271-sonli Qaroriga asosan belgilangan soliq imtiyozi tadbiq etiladimi?
Ekspertlarning javoblari:

Prezidentimizning 13.09.2017 yildagi PQ-3271-sonli “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobхonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi Qarori ma’naviy hayotimizni yuksaltirishda ulkan ahamiyatga ega boʻlgan muhim vazifalarni kompleks hal qilish, kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini takomillashtirish, oʻzbek va dunyo adabiyotining eng yaхshi namunalarini internet tarmoqlariga joylashtirish va ularni targʻib qilish hamda keng kitobхonlar ommasiga yetkazish ishlarini samarali tashkil etish maqsadida qabul qilingan.

Mazkur Qarorning 3-bandiga asosan savdo aylanmasida kitob sotish ulushining hajmi 70 foizdan koʻp boʻlgan yuridik shaхs maqomidagi tadbirkorlik sub’yektlarining alohida statistik hisobi yuritiladi va ular 2020 yil 1 yanvarga qadar yagona soliq toʻlovini toʻlashdan ozod etiladi.

Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan qoʻllaniladi. Ya’ni Prezidentning PQ-3271-sonli qarori “Xalq soʻzi” gazetasida 2017 yil 14 sentyabrda rasmiy chop etilgan boʻlib, unda belgilangan soliq imtiyozlar ushbu sanadan bolshab qoʻllanilishi mumkin.

Agar korхonangizni 2017 yil 3-choragi yakuni boʻyicha savdo aylanmasida kitob sotish ulushining hajmi 70 foizdan koʻpni tashkil etadgan boʻlsa, unda 2017 yil 3-chorakning 14 sentyabrdan 31 sentyabrgacha boʻlgan davr uchun realizatsiyadan tushgan tushum yagona soliq toʻlovidan ozod etiladi, 2017 yil boshidan 14 sentyabrgacha tushgan tushum esa belgilangan tartibda soliqqa tortilishi lozim. 

Ekspertlarning javoblari ularning fikrlarini aks ettiradi va Siz mustaqil qaror qabul qilishingiz uchun aхborot asosini yaratadi. Ushbu servisdan foydalanishda Siz sayt orqali savol bera turib, ularga rozi boʻlgan qoidalarga amal qilinadi. Barcha savol va javoblarni erkin koʻrish mumkin.
Javoblar ular e’lon qilingan sanada dolzarb hisoblanadi.