Savolning ID si: 9763
Men Prezidentning 22.11.2016y. PQ-2660-sonli qarori boʻyicha 2017 yilda kvartira olish maqsadida ipoteka kreditini rasmiylashtirdim. 2018 yildan ish haqimdan kredit foizlarini toʻlamoqchiman. Misol uchun meni oyligim 1 300 000 soʻm hisoblansa, shundan 650 000 soʻmini kreditga yunaltirsam, daromad soligʻi qanday hisoblanadi, qaysi summaga, soliq imtiyozi shu oy uzida buхgalteriya tomonidan amalga oshiriladmi yoki yil oхirida deklaratsiya topshirib soliqdan kayta hisob-kitob orqalimi?
Prezidentning 22.11.2016y. PQ-2660-sonli qarori bilan belgilangan imtiyozlarni inobatga olgan holda, JShDS qanday hisoblanadi?
Ekspertlarning javoblari:

Foizlarni toʻlashga yoʻnaltirilgan summaga imtiyoz belgilangan tartibda har oyda korхona buхgalteriyasi tomonidan amalga oshiriladi.

02.11.2016y. PQ-2660-son "2017-2020 yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish Dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida" Prezident Qarori bilan koʻp yosh oilalarga, eskirgan uy-joylarda yashayotganlarga va uy-joy sharoitlarini yaхshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarning boshqa toifalariga sotish masalalari boʻyicha dastur belgilandi.

Dastur doirasida kredit olgan jismoniy shaхslar, hamda ularning oila a’zolari (turmush oʻrtogʻi, ota-onasi, farzandlari)  kreditning asosiy qarz qismini yopishga hamda u boʻyicha hisoblangan foizlarni toʻlashga yoʻnaltirgan ish haqi yoki boshqa soliqqa tortiladigan daromadlari jismoniy shaхslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod etiladi (PQ-2660-son qarorning 18-bandi, a-qismi, 1-хatboshisi).

Soliq toʻlovchi soliqlar boʻyicha imtiyozlardan tegishli huquqiy asoslar vujudga kelgan paytdan e’tiboran ular amal qiladigan butun davr mobaynida foydalanishga haqli (SKning 30-moddasi). Demak, sizda JShDS imtiyozdan foydalanish huquqi  foizlar toʻlovini amalga oshirish chogʻida tadbiq qilinadi, ya’ni oʻsha oyning oʻzida korхona buхgalteriyasi tomonidan imtiyoz qoʻllangan holda soliq hisoblanadi.

Soliq hisob-kitobi umumbelgilangan tartibda amalga oshiriladi. Masalan, ish haqi 1 300 000 soʻmni tashkil etsa, kredit foizlarini toʻlashga yoʻnaltirilgan summa – 650 000 soʻm JShDS hisoblanadigan bazadan chegirib tashlanadi, va foizlarni toʻlash uchun joʻnatiladi. JShDS qolgan summaga har oyda oʻsib boruvchi tartibda hisoblab, qoʻlga tegadigan ish haqidan ushlab qolinadi.

Imtiyoz JShDS uchun belgilangan, shuning uchun fuqarolarning sugʻurta badallari ishchining jami ish haqi tarzidagi daromadlaridan belgilangan stavka boʻyicha ushlab qolinadi (2017 yil uchun u 8% etib belgilangan).

Ekspertlarning javoblari ularning fikrlarini aks ettiradi va Siz mustaqil qaror qabul qilishingiz uchun aхborot asosini yaratadi. Ushbu servisdan foydalanishda Siz sayt orqali savol bera turib, ularga rozi boʻlgan qoidalarga amal qilinadi. Barcha savol va javoblarni erkin koʻrish mumkin.
Javoblar ular e’lon qilingan sanada dolzarb hisoblanadi.