Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Xodimaga tugʻish ta’tilidan soʻng foydalanilmagan mehnat ta’tiliga haq toʻlash
«Korxona xodimasi 01.03.2022 yildan ishga qabul qilindi va 07.07.2023 yilgacha ishladi. Xodimaga 07.10.2023 yildan 09.11.2023 yilgacha homiladorlik va tugʻish ta’tili taqdim qilingan. Xodima homiladorlik va tugʻruq ta’tili tugashi bilan mehnat munosabatlarini davom ettirmaslik istagini bildirdi va 2023 yil 9 noyabrda oʻz xohishiga koʻra mehnat munosabatlarini tugatish toʻgʻrisida ariza berdi. Ish davrida xodimaga mehnat ta’tili berilmagan.
Ishga qabul qilishda xodimaga mehnat shartnomasi bilan 28 kalendar kunga toʻgʻri keladigan 24 ish kunidan iborat ta’til belgilangan. 2023 yil 30 apreldan boshlab ta’tilning umumiy miqdori qayta koʻrib chiqilmagan, u avtomatik ravishda kalendar kunlarida hisoblana boshlangan.
Xodimaga foydalanilmagan ta’tilning necha kuni uchun kompensatsiya toʻlanishi kerak?»
Kadrovik.uz iltimosiga koʻra ekspert va «Norma» kadrlar xizmati rahbari Valeriya LYaNDRES foydalanilmagan ta’til kunlarini qanday hisoblashni koʻrsatdi va ushbu vaziyat boʻyicha boshqa savollarga izoh berdi.
– Xodimaning homiladorlik va tugʻish ta’tilida boʻlish davri navbatdagi mehnat ta’tilini olish huquqini beruvchi ish stajiga kiritiladi yoki ishdan boʻshatilayotganda foydalanilmagan ta’til kunlari uchun kompensatsiya olish imkonini beradi
.
Xodimaga ishga qabul qilingan sanadan boshlab homiladorlik va tugʻish ta’tilining oxirigacha, ya’ni 01.03.2022 yildan 09.11.2023 yilgacha (homiladorlik va tugʻish ta’tilining tugash sanasi) boʻlgan davr uchun foydalanilmagan ta’til kunlari uchun pulli kompensatsiya toʻlab berilishi kerak. Ushbu muddat 20 oy va 9 kun, yaxlitlash bilan – 20 oyni tashkil qiladi
.
Ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda hisob-kitob qilinib, xodimaga toʻliq 20 oy uchun pulli kompensatsiya toʻlanishi kerak
.
Foydalanilmagan ta’til kunlari sonini hisoblaymiz:
28 kalendar kun (ta’tilning toʻliq miqdori): 12 (yildagi oylar soni) x 20 (toʻliq ish oylari soni) = 46,6 kalendar kun, yaxlitlanganda – 47
.
Shunday qilib, mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimaga 47 kalendar kun uchun pulli kompensatsiya toʻlanishi kerak.
Hisob-kitob xodima olishga haqli boʻlgan qoʻshimcha va uzaytirilgan ta’tilga chiqish huquqini hisobga olmagan holda amalga oshirildi (MKning 218, 219, 220, 481, 483-moddalari boʻyicha). Agar xodima koʻrsatilgan turdagi ta’tillarni olish huquqiga ega boʻlsa, har yilgi mehnat ta’tilining umumiy davomiyligini hisoblab chiqarishda yillik asosiy eng kam ta’til yoki har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’til bilan qoʻshimcha ta’tillar jamlanadi
. Bunday holda ishdan boʻshatilayotganda foydalanilmagan ta’til uchun kompensatsiyani hisob-kitob qilishdan hosil boʻlgan kalendar kunlar summasidan kelib chiqib amalga oshirilishi kerak.
Foydalanilmagan ta’tillar uchun kompensatsiya miqdori MKning 257-moddasida belgilangan tartibda hisoblab chiqariladi.
Savolda tasvirlangan vaziyatdan kelib chiqib quyidagi savollar tugʻiladi.
1. Bu vaziyatda ish beruvchining xodimani «oʻz xohishiga koʻra» ishdan boʻshatishga majburlash holati bormi? Axir, bunday vaziyatda xodimning «oʻz xohishiga koʻra» ishdan boʻshashi foydasiz.
2. Xodima ishdan boʻshash toʻgʻrisida qaror qabul qilayotganda oʻz huquqlarini bilganmidi:
- Bola uch yoshga toʻlguniga qadar uni parvarishlash uchun xodimaning ish oʻrni va egallab turgan lavozimi saqlanadi
; - Byudjetdan tashqari sohada ishlovchilar uchun bola ikki yoshga toʻlgunga qadar toʻlanadigan bola parvarishlash nafaqasi
; - shuningdek, ushbu ta’tillar mehnat stajiga qoʻshiladi, ammo umumiy hisobda kamida 6 yil, shu jumladan mutaxassisligi boʻyicha ham qoʻshib hisoblanadi
.
Kelgusida mehnat nizolariga yoʻl qoʻymaslik uchun xodimlarga turli vaziyatlarda oʻz huquqlarini, shu jumladan homiladorlik va tugʻish ta’tili, bola parvarishlash ta’tiliga boʻlgan huquqlarni va bundan kelib chiqadigan imtiyozlar va afzalliklarni tushuntirishni tavsiya qilamiz
.