Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
«Siz yangi xodimni qanday moslashtirish kerakligi xususida soʻzlab bergan edingiz, ammo rahbar ham jamoaga moslashishi kerak emasmi? Men yangi rahbar xodimlarning malakasini baholashdan boshlagan va uning «rahbarligi»ning ikkinchi kunida boʻlimdan bir necha kishi ishdan boʻshash haqida ariza yozgan holatni bilaman. Rahbarning oʻzi esa sinov muddatidan oʻta olmadi va 2,5 oydan keyin kompaniyani tark etdi».
Kadrovik.uz HR-maslahatchi Irina Shakirovadan bu savolga javob berishni soʻradi:
Rahbar moslashuvchanligining oʻziga xos xususiyatlari qanday
- Yangi rahbar tashkiliy muhit va madaniyatga moslasha olishi kerak. U kompaniya qanday tashkil etilganligi, uning tuzilishini, kimning mas’uliyat sohasi qandayligini, kimga boʻysunadi va unga kim boʻysunishini, qarorlar qanday qabul qilinishini, turli darajadagi rahbarlar va turli boʻlinmalar oʻrtasida boʻysunish va muvofiqlashtirish qoidalari qanday ekanligini bilishi lozim.
- Yangi rahbar jamoaga qoʻshilishi, qoʻl ostidagilari bilan tanishishi kerak, har bir kompaniyaning ishchi guruhlarida oʻzining munosabatlar uslubi, oʻzining rasmiy va aytilmagan qoidalari borligi sababli, bularning barchasiga moslashish kerak.
- Yangi joyda avvalgi ish joyida boʻlmagan rahbariyat va boʻysunuvchilarning yangi talablari va umidlari boʻlishi mumkin. Buni hal qilish, bu talablar va umidlar nima ekanligini tushunish kerak.
- Kompaniyada mavjud boʻlgan qoidalarni oʻrganish yetarli emas, barcha asosiy xodimlar – buxgalteriya, yuridik boʻlim, boshqa boʻlinmalar rahbarlari, yuqori rahbariyat bilan shaxsiy aloqa oʻrnatish ham kerak.
- Yangi rahbar mavjud vaziyat – umuman kompaniya faoliyati va uning boʻlinmasi faoliyati bilan tanishishi kerak. Muammolarni tushunishi, imkoniyatlarni baholashi lozim. Kompaniyada mavjud boʻlgan texnologiyalar, dasturiy yechimlar, jarayonlar va tartib-taomillarni oʻrganishi kerak.
- Yangi lavozim talablariga muvofiq muammolarni hal qilishda shaxsiy odatlar va yondashuvlarni oʻzgartirishi kerak boʻladi.
Shunday qilib, yangi rahbar oldida katta vazifalar va hatto qiyinchiliklar turganini koʻramiz. Agar ushbulardan kamida bittasi oʻtkazib yuborilsa ham bu yangi jamoada rahbar borasida salbiy fikr tugʻilishiga sabab boʻlishi, darhol asosiy xodimlar bilan ziddiyatga kirishish, «qovun tushirish» mumkin.
HR-mutaxassis yangi rahbarni moslashtirish jarayonida ishtirok etib, unga kompaniya haqida ma’lumot berib, qoʻllab-quvvatlasada, yangi rahbarning oʻzi ham quyidagilarga e’tiborli boʻlishi kerak:
- Moslashuv davrida faol pozitsiyani egallashi kerak;
- Qaror qabul qilishda ehtiyotkorlikni namoyish qilishi lozim.
❖
Bu haqda alohida maqolada yozgan edik – Yangi xodimlarni qanday moslashtirish va buning uchun kim javobgar.
Moslashuv jarayonida faol boʻlish amalda nimani anglatadi
Yuqori turuvchi rahbarlar bilan sizga boʻlgan umidlar va talablarni muhokama qiling. Agar ta’sischi va bevosita rahbarning umidlari va talablari turlicha boʻlsa, unda sizning funksiyalaringiz, vakolatlaringiz va vazifalaringizni birgalikda belgilashni talab qilish kerak. Aynan shunday kelishmovchiliklar yangi rahbarni «xavf ostiga qoʻyadi».
Yangi rahbar kompaniyaning qadriyatlari va korporativ madaniyati, muloqot uslubi, «tuzoqlari», qoidalari, me’yorlari va dastlab nimadan qochish kerakligini tushunish uchun HR-mutaxassis bilan muloqot qilish kerak.
Qoʻl ostidagilar bilan rahbar sifatida yaxshi munosabatlarni oʻrnating. Buning uchun ularning ishi va yutuqlariga, hozirgi vaziyatda ularning umidlari va ehtiyojlariga qiziqish bildiring.
Mavjud muammolarni muhokama qilishda ochiqlikni koʻrsating, qoʻl ostingizda ishlovchilardan ushbu muammolarni yozma ravishda shakllantirishni soʻrang va keyin ularni ishchi guruhda ochiq muhokama qiling.
Mavjud vaziyatni «yuqoridan» (yuqori turuvchi rahbariyatdan) va «pastdan» (ishni bevosita bajaradigan odamlardan) aniq baholash uchun savollar bering va yordam soʻrang.
Vaziyat haqidagi tasavvuringizni va yondashuvlaringizni qayta koʻrib chiqishga tayyor boʻling, agar olingan ma’lumot buni talab qilsa, avvalgi ish usullarini yangi mehnat talablariga oʻtkazmang.
Boshqa boʻlinmalar rahbarlari va yuqori rahbariyat bilan muhokama qilish orqali olingan barcha ma’lumotlarni diqqat bilan tekshiring.
Qaror qabul qilishda ehtiyot boʻlish amalda nimani anglatadi
Yangi lavozimga moslashgandan keyin bir yoki ikki oy ichida boshqaruv qarorlarini (hatto ular sizning mas’uliyat va vakolat doirangizda boʻlsa ham) muvofiqlashtirish imkoniyati toʻgʻrisida yuqori rahbariyat bilan kelishish juda muhim. Yuqori turuvchi rahbariyat bilan har bir yechimning xatarlari va imkoniyatlarini batafsil muhokama qiling.
Hamkasblar (asosiy xodimlar) va jamoadagi xodimlarning kasbiy va shaxsiy fazilatlarini – kuchli, zaif tomonlarini, potensialini tushuning. Bunda xulosa qilishga shoshilmang, yorliqlarni osib qoʻymang. Xodimlarga tezda yaqinlashishga harakat qilmaslik muhim, biznes masofasini saqlagan ma’qul – bu bilan ba’zi qarorlarni amalga oshirish osonroq boʻladi.
Biznes jarayonlari va oʻzaro munosabatlardagi muammolarning sabablarini oʻrganing, ammo yangi hamkasblar bilan ishbilarmonlik aloqalari oʻrnatilmaguncha amaliy harakatlarga shoshilmang.
Ishning dastlabki 2 oyi davomida boʻysunuvchilarning keskin oʻzgarishi va baholash tadbirlaridan tiyiling (bu vaqtni ma’lumot toʻplash va uni tahlil qilishga sarflang).
Jamoa bilan shoshilinch vazifalarni belgilash va muhokama qilish hamda ularni asta-sekin, ammo qat’iyat bilan hal qilishga harakat qiling.
Shaxsiy moʻljallagan oʻzgarishlar rejangizni (agar bu zarur boʻlsa) taqdim etish uchun kompaniya kelgusi ishlarni rejalashtirayotgan davrni (sinov muddatidan keyin) tanlang.
Sizni qadrdon jamoangizga rahbar qilib tayinlashgan boʻlsa
Bunday vaziyatda ham moslashish lozim, ammo koʻproq psixologik moslashish kerak.
Birinchidan, siz hasad, boʻysunmaslik yoki endi sizning boʻysunuvchingizga aylangan hamkasblaringizdan begonalashishga duch kelishingiz mumkin.
Ikkinchidan, ichki muammolar va vaziyatni oʻzingizning stereotipik idrok qilish bilan kurashishingiz kerak boʻladi.
Uchinchidan, siz oʻzingizning boshqaruv mahoratingizni koʻrsatishingiz kerak, shunda ular ijobiy qabul qilinadi.
Bunday vaziyatda tezda qayta qurish uchun quyidagilarni amalga oshirish mumkin:
- jamoa bilan ishchi uchrashuvda yangi vazifalaringiz haqida aytib bering;
- rahbariyat oldingizga qoʻygan vazifalar va talablar haqida xabardor qiling;
- xodimlarning muammolari va umidlarini muhokama qiling;
- oʻzaro hamkorlik, rejalashtirish va nazorat qilish qoidalarini kelishing.
Masofaviy oʻqitish kursimizda yanada foydali bilimlarga ega boʻlishingiz mumkin:
- «Xodimlarni izlash va saralash»
Dolzarb mavzularni tanlang va ularni oʻzingizga qulay vaqtda oʻrganing. Koʻproq bilishni stayman! (Ryec: kurs yozuvda)