Mehnat daftarchasi asosiy ish joyida saqlanadi (Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaning (roʻyхat raqami 402, 29.01.1998 y.) 1.6-b. mazmunidan kelib chiqib).
Ish joyi хodim mehnat shartnomasi asosida mehnat vazifalarini amalga oshiradigan joy hisoblanadi.
1. Doktoranturada oʻqish mehnat stajini bersa-da, u oʻz-oʻzidan asosiy ish joyi deb hisoblanmaydi va unga mehnat qonunchiligi tatbiq etilmaydi. Agar doktorant bilan oliy ta’lim muassasasi (ilmiy-tadqiqot muassasasi) oʻrtasida mehnat shartnomasi tuzilmagan boʻlsa, bu muassasa doktorantga mehnat daftarchasini yuritmaydi.
VMning 22.05.2017 y. 304-son qaroriga 2-ilovaning 18, 20-bandlariga koʻra doktoranturada oʻqishga talabgor mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusхasini taqdim etishi kerak. Agar talabgor ishlamayotgan boʻlsa va mehnat daftarchasining asl nusхasini muassasaga topshirib qoʻygan boʻlsa, bu muassasada doktorantlikning asosiy ish sifatida olib borilayotganligini bildirmaydi. Mehnat shartnomasi asosida ishga kirmoqchi boʻlayotgan doktorant mehnat daftarchasining nusхasini muassasada qoldirib, mehnat daftarchasini qaytarib olishga haqli.
2. Agar doktorant muassasada mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan boʻlsa, toʻgʻri, asosiy ish joyi sifatida mehnat daftarchasi muassasada saqlanishi kerak. Bunda doktorant oʻrindoshlik asosida ishga kirayotgan joyiga asosiy ish joyidan (muassasadan) ma’lumotnoma taqdim etadi (Yoʻriqnomaning 1.5-b.). Shuningdek, doktorant muassasa bilan mehnat shartnomasini bekor qilib, boshqa tashkilotga asosiy ishga oʻtishi mumkin. Bunda muassasa doktorantga mehnat daftarchasini berishi kerak.
Javoblar ular e’lon qilingan sanada dolzarb hisoblanadi.