MKning 100-moddasi 2-qismi 7-bandiga asosan, хodimning pensiya yoshiga toʻlganligi, qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi mavjud boʻlishi mehnat shartnomasini bekor qilishga asos boʻladi. Bunda ahamiyat berish kerakki, хodim nafaqat pensiya yoshiga toʻlishi (ayollar uchun - 55 yosh), balki uning davlat pensiyasini olish huquqi mavjud boʻlishi kerak. Shu asoslarga koʻra ayollarni pensiya yoshiga toʻlgandan keyin ish beruvchi tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish mumkin. Lekin 07.03.2019 y. PQ-4235-sonli Prezident qarorining 1 bandiga binoan ayollarning pensiya yoshiga toʻlganligi yoki yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli ular bilan tuzilgan nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga toʻlgunga qadar ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilish taqiqlangan. Mehnat kodeksiga tegishli oʻzgartirishlar kiritilmaganligi sababli bugungi kunda ikkita normativ-huquqiy hujjat normalari bir-biriga toʻgʻri kelmaydi. Ma’lumki, Prezident qaroriga nisbatan kodeks yuqoriroq yuridik kuchga ega. “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 16-moddasiga asosan normativ-huquqiy hujjatlar oʻrtasida tafovut boʻlgan taqdirda, yuqori yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjat qoʻllaniladi.
Bugungi kunda kodeksning yangi tahriri tayyorlanmoqda va ushbu kodeksda bunday tafovutlar bartaraf etilgan boʻladi.
PQ-4235-sonli Prezident qarori хotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilganligini inobatga olib, bugungi kunda Prezident qarorida belgilangan tartibga rioya etishni tavsiya qilamiz.
Javoblar ular e’lon qilingan sanada dolzarb hisoblanadi.