Savolning ID si: 17800
Xodim 2017-2019 yillarda mehnat ta’tiliga chiqmagan. Tashkilotda 24 kunlik mehnat ta’tili oʻrnatilgan. Ushbu хodim 2020 yilda 2017-2020 yillar uchun 96 kundan iborat mehnat ta’tili olish boʻyicha ariza yozdi.
Ushbu vaziyatda хodimga bir martada 96 kunlik mehnat ta’tili bersa boʻladimi yoki 24 kundan orada 1 kun ishga chiqib, 4 martada jami 96 kun berish kerakmi?
Ekspertlarning javoblari:

Mehnat kodeksining 143-moddasiga asosan ta’til har yili, shu ta’til berilayotgan ish yili tugagunga qadar berilishi lozim. Ishlab chiqarish sabablarga koʻra joriy yilda ta’tilni toʻliq berish imkoni boʻlmagan alohida hollarda, хodimning roziligi bilan ta’tilning 12 ish kunidan ortiq boʻlgan qismi keyingi ish yiliga koʻchirilishi mumkin, shu yili undan albatta foydalanilmogʻi lozim. Savolda koʻrsatilgan holatda albatta mehnat qonunchiligi buzilgan. Lekin bu degani oldingi yillarning ta’tili “kuyib ketdi” degani emas. Xodim oldingi yillarning ta’tilini olmagan boʻlsa ularni olish huquqi qoladi. Shunga koʻra agarda хodim oldingi yillarda foydalanmagan ta’tillarni barchasini bir yoʻla olmoqchi boʻlsa va shunga ish beruvchi rozi boʻlsa, barcha “qarz” boʻlgan ta’tillarni olsa boʻladi.

Eslatib oʻtamizki, хodimga oʻz vaqtida ta’til bermaslik mehnat qonunchiligi buzilishi hisoblanadi va ish beruvchi buning uchun ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.

MKning 140-moddasida qonun hujjatlari bilan belgilangan ta’tillarni jamlashda ularning umumiy muddati 48 ish kunidan oshib ketishi mumkin emas, deb belgilangan. Ayrim ish beruvchilar buni 1 yil ichida 48 kundan ortiq ta’til berib boʻlmaydi, deb notoʻgʻri talqin qilishadi. Vaholanki, ushbu moddada 1 yil ichida emas, balki har 1 yillik ish uchun ta’til 48 kundan ortiq boʻlmasligi ma’nosida belgilangan.

Ekspertlarning javoblari ularning fikrlarini aks ettiradi va Siz mustaqil qaror qabul qilishingiz uchun aхborot asosini yaratadi. Ushbu servisdan foydalanishda Siz sayt orqali savol bera turib, ularga rozi boʻlgan qoidalarga amal qilinadi. Barcha savol va javoblarni erkin koʻrish mumkin.
Javoblar ular e’lon qilingan sanada dolzarb hisoblanadi.