Oliy ta’lim muassasalarida oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazganlik uchun mehnatga soatbay haq toʻlash miqdorlari «Oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazganlik uchun mehnatga soatbay haq toʻlash miqdorlarini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi qarorning (AVda 22.04.2019 yil 3157-son bilan roʻyхatga olingan) ilovasida belgilangan. Unda mehnatga soatbay haq toʻlash miqdori bazaviy lavozim maoshlariga nisbatan foizlarda belgilangan. Bazaviy lavozim maoshlari miqdori VMning 01.08.2008 yildagi 164-son qarori bilan tasdiqlangan (1-ilova). Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan haq toʻlash miqdorlari davlat OTMlarida qoʻllaniladi. Nodavlat oʻquv tashkilotlari ish haqi miqdorlarini oʻzlari belgilashga haqli.
Oliy ta’lim muassasasi professor-oʻqituvchilar tarkibining oʻquv yuklamasi Oliy ta’lim muassasasi professor-oʻqituvchilar tarkibining oʻquv yuklamasi hamda oʻquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va «ustoz-shogird» ishlarini belgilash qoidalarida belgilangan (AVda 08.10.2018 yil 3076-son bilan roʻyхatga olingan). Qoidalarga muvofiq ma’ruza mashgʻulotlari ilmiy unvon va ilmiy darajaga ega boʻlgan professor-oʻqituvchilar tomonidan oʻtkaziladi. Zarur hollarda (ma’ruza mashgʻulotlari hajmi koʻp boʻlganda yoki professor, dotsent va katta oʻqituvchilar yetarli boʻlmaganda) oliy ta’lim muassasasi Kengashining qaroriga asosan ilmiy unvon va ilmiy darajasi boʻlmagan oʻqituvchilar ham ma’ruza mashgʻulotlarini oʻtishi mumkin. Biroq bunday oʻqituvchilar 3 yillik ilmiy-pedagogik ish stajiga ega boʻlishi kerak va ular bir oʻquv yilida 250 soatgacha hajmda ma’ruza mashgʻulotlarini oʻtishga haqli. Professor-oʻqituvchilarning oʻquv (ma’ruza, amaliy (yakka), seminar va laboratoriya) soatlari normasi yiliga 400 soatdan kam boʻlmasligi tavsiya etiladi (Qoidalarning 8-b.). Oliy ta’lim muassasasi professor-oʻqituvchilarining oʻquv yuklamasi hajmini hisoblashning vaqt me’yorlari Qoidalarning 1-ilovasida koʻrsatib oʻtilgan.
Shtatdagi oʻqituvchilar soatbay dars oʻtishi, normalari va soatbay haq toʻlash miqdorlari korхonaning ichki hujjatlarida (nizom, buyruq, yoʻriqnoma) va/yoki mehnat shartnomasida belgilanadi.
Taklif qilingan oʻqituvchilar bilan Mehnat kodeksida oʻrnatilgan tartibda mehnat shartnomasi tuziladi. Oliy ta’lim tashkilotlariga soatbay haq toʻlanishi shartlari asosida oʻqituvchilik ishiga kirayotgan shaхslar tanlovsiz, oliy ta’lim tashkiloti rahbarining buyrugʻi bilan ishga qabul qilinadi (MK 501-m.).
Javoblar ular e’lon qilingan sanada dolzarb hisoblanadi.