Savolning ID si: 4637
Xodim 2015 yil yanvar-iyul oylarida ishladi va ish haqini toʻliq miqdorda oldi, shuningdek ish haqidan barcha soliqlar va majburiy toʻlovlar ushlab qolindi. 2015 yil 1 avgustdan 2015 yil 1 noyabrgacha u ish haqi saqlanmagan holda mehnat ta’tilida boʻldi. 2015 yil 1 noyabrdan esa ishga chiqdi hamda unga ish haqi hisoblandi.
Xodim ish haqi saqlanmagan holda mehnat ta’tilida boʻlgan taqdirda JShDS qanday ushlanadi?
Ekspertlarning javoblari:

SKning 186-moddasi ikkinchi qismiga binoan jismoniy shaхslardan olinadigan daromad soligʻini hisoblab chiqarish va ushlab qolish belgilangan soliq solinadigan baza hamda stavkalardan kelib chiqqan holda daromad hisoblanishiga qarab, yil boshidan ortib boruvchi yakun boʻyicha har oyda amalga oshiriladi.

Misol keltiramiz:

Aytaylik, хodimning bir oylik lavozim maoshi 800 000 soʻmni tashkil qiladi, 2015 yilning yanvar-iyul davri uchun  jami 5 600 000 soʻm hisoblandi hamda 357 840 soʻm JShDS toʻlandi. 01.08.2015 yildan 01.11.2015 yilgacha u  ish haqi saqlanmagan holda mehnat ta’tilida boʻldi. Noyabr oyi uchun unga 800 000 soʻm ish haqi hisoblandi. Jami 01.01.2015 yildan 01.12.2015 yilgacha unga 6 400 000 soʻm hisoblandi.

Yanvar-noyabr oylari uchun eng kam ish haqi miqdori 1 302 400  soʻmni (118 400 х 11) tashkil qiladi.

Noyabr oyi uchun JShDS hisob-kitobi shkalasi boʻyicha  1 302 400 (118 400 х 11) soʻmga  0 foiz stavka boʻyicha soliq solinadi.

1 302 401 dan 6 512 000 soʻmgacha (1 302 400 х 5) 8,5 foiz stavka boʻyicha soliq solinadi. Tegishincha, bizning misolda yil boshidan boshlab olingan soliq solinadigan daromad 6 400 000 soʻmni tashkil qiladi, noyabr oyi uchun JShDS esa quyidagiga teng:

(6 400 000 – 118 400 х 11) х 8,5% = 5 097 600 х 8,5% = 433 296 soʻm.

Noyabr oyi uchun ShJBPHga majburiy badallar summasi 0 foiz stavka boʻyicha soliq solinadigan daromad chegirilgan holda soliq solinadigan summadan hisoblab chiqariladi. Ular quyidagilarni tashkil qiladi:

(6 400 000 – 118 400 х 11) х 1% = 5 097 600 х 1% = 50 976 soʻm.

Noyabr oyi uchun byudjetga:

433 296 – 50 976 – 357 840 = 24 480 soʻm JShDS oʻtkaziladi.

Ekspertlarning javoblari ularning fikrlarini aks ettiradi va Siz mustaqil qaror qabul qilishingiz uchun aхborot asosini yaratadi. Ushbu servisdan foydalanishda Siz sayt orqali savol bera turib, ularga rozi boʻlgan qoidalarga amal qilinadi. Barcha savol va javoblarni erkin koʻrish mumkin.
Javoblar ular e’lon qilingan sanada dolzarb hisoblanadi.