Savolning ID si: 4897
Mening ish haqim yanvar oyidan noyabr oyigacha 9 500 000 soʻmni tashkil qiladi. Yanvar oyidan noyabr oyigacha ipoteka krediti uchun 5 907 000 soʻm oʻtkazilgan.
Daromadning bir qismi ipoteka kreditini qoplash uchun yoʻnaltirilgan taqdirda jismoniy shaхslar daromadidan olinadigan soliq qanday hisoblanadi?
Ekspertlarning javoblari:

Jismoniy shaхslarning soliq solinishi lozim boʻlgan hamda: yosh oila a’zolari tomonidan yakka tartibda uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va sotib olish uchun yoki koʻp kvartirali uydagi kvartirani rekonstruksiya qilish va sotib olish uchun;

qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibda uy-joy qurishni ushbu maqsadlar uchun kreditlar berish qonun hujjatlariga muvofiq zimmasiga yuklatilgan banklarning kreditlari hisobidan amalga oshirayotgan quruvchi shaхslar tomonidan olingan ipoteka kreditlarini hamda ular boʻyicha hisoblangan foizlarni qoplash uchun yoʻnaltiriladigan ish haqi summasi va boshqa daromadlariga soliq solinishi lozim emas (SKning 179-moddasi, 30-bandi).

Sizning misolingizda imtiyoz qoʻllangan holda 2015 yilning yanvar-noyabr oylari uchun JShDSni hisoblab chiqaramiz:

Soliq solinadigan daromad: 9 500 000 – 5 907 000 = 3 593 000 soʻm.

Yanvar-noyabr uchun ish haqining eng kam miqdori 1 302 400 soʻmni (118 400 х 11)  tashkil etadi. 

JShDS hisob-kitobi shkalasi boʻyicha yanvar-noyabr uchun 1 302 400 (118 400 х 11) soʻmga 0 foiz stavka boʻyicha soliq solinadi.

1 302 400 soʻmdan 6 512 000 (1 302 400 х 5) soʻmgacha 8,5% stavka boʻyicha soliq solinadi. Tegishincha, bizning misolimizda yil boshidan soliq solinadigan daromad 3 593 000 soʻmni tashkil etadi, yanvar-noyabr uchun JShDS esa quyidagiga teng boʻladi:

(3 593 000 – 118 400 х 11) х 8,5% = 2 290 600 х 8,5% = 194 701 soʻm.

Yanvar-noyabr uchun ShJBPHga majburiy badallar summasi "0" stavka boʻyicha soliq solinadigan daromad hamda ipoteka kreditini hamda ular boʻyicha hisoblangan foizlarni qoplash uchun yoʻnaltirilgan daromad chegirilgan holda soliq solinadigan summadan hisoblab chiqariladi:

 2 290 600 х 1% = 22 906 soʻm.

Byudjetga toʻlanishi lozim boʻlgan JShDS:

194 701 – 22 906 = 171 795 soʻm.

Ekspertlarning javoblari ularning fikrlarini aks ettiradi va Siz mustaqil qaror qabul qilishingiz uchun aхborot asosini yaratadi. Ushbu servisdan foydalanishda Siz sayt orqali savol bera turib, ularga rozi boʻlgan qoidalarga amal qilinadi. Barcha savol va javoblarni erkin koʻrish mumkin.
Javoblar ular e’lon qilingan sanada dolzarb hisoblanadi.