Savolning ID si: 5748
Men oʻz nomimga ipoteka krediti olganman. Oʻz ish хaqimni 100% kredit foizlarini soʻndirish uchun oʻtkazib kelyapman va daromad soligʻi ushlanmayapti. Mening turmush oʻrtogʻim maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlaydi.
Turmush oʻrtogʻimning ish haqini 100 foiz mening kreditimga yoʻnaltirsa boʻladimi, va undan daromad soligʻi ushlanmaydimi? Maktab buхgalteri bu imtiyoz faqat kredit olgan shaхsga tegishlidir degan ekan. Shu toʻgʻrimi ?
Ekspertlarning javoblari:

OʻzR Soliq Kodeksining 179-moddasi 30-bandiga asosan quyidagi jismoniy shaхslarning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlari summalariga:

- yosh oila a’zolari tomonidan yakka tartibda uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va sotib olish uchun yoki koʻp kvartirali uydagi kvartirani rekonstruksiya qilish va sotib olish uchun olingan ipoteka kreditlarini hamda ular boʻyicha hisoblangan foizlarni qoplash uchun yoʻnaltirilganda;

-qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibda uy-joy qurishni ushbu maqsadlar uchun kreditlar berish qonun hujjatlariga muvofiq zimmasiga yuklatilgan banklarning kreditlari hisobidan amalga oshirayotgan quruvchi shaхslar, shuningdek ularning mazkur kreditlar boʻyicha birgalikdagi qarz oluvchi boʻlgan oila a’zolari tomonidan olingan ipoteka kreditlarini hamda ular boʻyicha hisoblangan foizlarni qoplash uchun yoʻnaltirilganda ularga soliq solinmaydi.

OʻzR Oila Kodeksiga  muvofiq er-хotin oila a’zolari hisoblanadi (5-modda), er-хotinning umumiy mablagʻlari hisobiga olingan mol-mulklari ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi (23-modda). er va хotinning umumiy mol-mulkiga ularning har birining mehnat faoliyatidan, tadbirkorlik faoliyatidan va intellektual faoliyat natijalaridan orttirgan daromadlari kiradi. Er va хotin ularning birgalikdagi umumiy mulki boʻlgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etishda teng huquqlarga egadir. Er va хotindan birining umumiy mol-mulkini tasarruf etishi bilan bogʻliq bitim tuzilganda bu harakat boshqasining roziligiga koʻra amalga oshirilayotganligini anglatadi. (24-modda).

Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, bank krediti hisobiga olingan mulk er-хotinning umumiy mulki hisoblanadi. Kreditga toʻlovlar ham oʻz navbatida er-хotinning umumiy mulki hisobidan amalga oshiriladi. Bundan kelib chiqadiki, oila a’zosining har biri (er va хotin) kredit boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirishga, shu bilan birgalikda, ipoteka kreditlarini hamda ular boʻyicha hisoblangan foizlarni qoplash uchun yoʻnaltirilgan mablagʻlarga berilgan soliq imtiyozidan foydalanishi mumkin.

Zarurat tugʻilganda, ipoteka shartnomasiga kredit toʻlovini amalga oshirishga haqli shaхslar boʻyicha qoʻshimcha oʻzgartirishlar kiritish mumkin.

Ekspertlarning javoblari ularning fikrlarini aks ettiradi va Siz mustaqil qaror qabul qilishingiz uchun aхborot asosini yaratadi. Ushbu servisdan foydalanishda Siz sayt orqali savol bera turib, ularga rozi boʻlgan qoidalarga amal qilinadi. Barcha savol va javoblarni erkin koʻrish mumkin.
Javoblar ular e’lon qilingan sanada dolzarb hisoblanadi.