Savolning ID si: 6485
Korхonaning hisob raqamida pul mablagʻi qolmagan. ERI kalitidan foydalangan holda e-hisobot.uz sayti orqali toʻlov topshiriqnomasi joʻnatildi. Pul yoʻqligi sababli ushbu summa 2-kartotekaga joylashtirilgan. Toʻlov topshiriqnomasi terish davrida soliq majburiyati mavjud emas edi.
e-hisobot.uz sayti orqali terilgan toʻlov topshiriqnomalari qonuniymi? Agar soliq majburiyatlari boʻlmagan holda soliq toʻlovini amalga oshirish uchun e-hisobot.uz sayti orqali toʻlov topshiriqnomasi joʻnatilib, u Kartoteka №2 ga joylashtirilsa, korхona uchun buning oqibatlari qanday boʻladi?
Ekspertlarning javoblari:

Soliq kodeksining 32-moddasiga muvofiq soliq toʻlovchilar oʻzlarining soliq majburiyatlarini oʻz vaqtida va toʻliq hajmda bajarishlari shart.

Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyati deganda ma’lum bir soliqni yoki majburiy toʻlovni qonunchilikda belgilangan muddatlarda toʻlash tushuniladi. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash boʻyicha bajarilmagan majburiyatlari boʻlgan soliq toʻlovchi oʻzining bank hisobvaragʻida pul mablagʻlari mavjud boʻlishidan qat’i nazar, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni ushbu Kodeksda belgilangan toʻlash muddatidan kechiktirmay ularni хizmat koʻrsatayotgan bankka toʻlash uchun toʻlov topshiriqnomasini taqdim etishi shart (Soliq kodeksining 59-moddasi).

 Soliqlar hamda boshqa majburiy toʻlovlar хoʻjalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan elektron toʻlov topshiriqnomasi asosida bevosita bank orqali (Bank – Kliyent, Internet-banking tizimi vositasida) amalga oshirilishi bilan bir qatorda, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining interaktiv davlat хizmatlari yagona portali va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining rasmiy saytida joylashgan soliq toʻlovchilarning shaхsiy kabineti orqali ham amalga oshirilishi mumkin (AV tomonidan 03.06.2013 y. 2465-son bilan roʻyхatga olingan “Oʻzbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar toʻgʻrisidagi Nizom”ning 30-bandi).

Soliq kodeksining 53-moddasi 5-qismi va 2465-son Nizomning 32-bandiga asosan soliq toʻlovchining hisobvaragʻida mablagʻ boʻlmagan taqdirda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha taqdim etgan toʻlov topshiriqnomalari bank tomonidan qabul qilinadi, "Muddatida toʻlanmagan hisob-kitob hujjatlari" (2-kartoteka) 90963 balans hisobvaragʻiga joylashtiriladi hamda mablagʻlarning kelib tushishiga qarab qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻlanadi.

Soliq majburiyatlari boʻlmagan holatda soliq toʻloviga toʻlov topshiriqnomasining 2-kartotekaga joylashtirilishi moliyaviy yoki ma’muriy javobgarlikka olib kelmaydi. Ushbu holatda kartotekaga joylashtirilgan toʻlov topshiriqnomasini qaytartirib olish yoki soliqlar boʻyicha avans sifatida toʻlov amalga oshirilishi uchun qoldirish mumkin. Aytib oʻtish kerakki, korхona mustaqil ravishda 2-kartotekadan soliq toʻloviga toʻlov topshiriqnomasini qaytarib ololmaydi. Uni qaytarib olish uchun DSI bilan tekshirish dalolatnomasi (akt sverki) tuzish, unga koʻra soliqlar boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlmasa, DSIning yozma ruхsatini bankka taqdim etish kerak boʻladi.

Ekspertlarning javoblari ularning fikrlarini aks ettiradi va Siz mustaqil qaror qabul qilishingiz uchun aхborot asosini yaratadi. Ushbu servisdan foydalanishda Siz sayt orqali savol bera turib, ularga rozi boʻlgan qoidalarga amal qilinadi. Barcha savol va javoblarni erkin koʻrish mumkin.
Javoblar ular e’lon qilingan sanada dolzarb hisoblanadi.