Ishga yangi qabul qilingan pedagog kadrlar bir yildan soʻng, oliy yoki oʻrta maхsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini bitirib birinchi bor ishga kirganlar kasbiy faoliyatiga uch yil toʻlgandan soʻng attestatsiyaga jalb etiladi (Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 7 apreldagi 107-son qaroriga ilova qilingan “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maхsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom”ning 7-bandi(bundan buyon matnda – “Nizom” deb yuritiladi).
Pedagog kadrlar attestatsiyaning biror bosqichida uzrli sababga (mehnatga layoqatsizlik varaqasi, ta’limni boshqarish boʻyicha maхsus vakolat berilgan davlat organi yoki ta’lim muassasalari rahbarlari ma’lumotnomasi) koʻra kelmagan boʻlsa, ularning attestatsiyasi boshqa muddatga koʻchiriladi. Yoki, mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirilgan holda uzoq muddat (uch oydan ortiq) davolanayotgan, homiladorlik, tugʻish hamda bolani parvarish qilish ta’tilidagi pedagog kadrlar esa ish faoliyatiga qaytganlariga bir yil toʻlgandan soʻng attestatsiyaga jalb etiladi (Nizomning 9-, 44- bandlari).
Pedagog kadr uzrsiz sababga koʻra attestatsiyaning biror bosqichida ishtirok etmagan boʻlsa attestatsiyadan oʻtmagan hisoblanadi hamda unga nisbatan "Attestatsiyadan oʻtmadi, tegishli malaka toifasi yoki lavozimi tushirilsin", mutaхassis, oliy yoki oʻrta maхsus, kasb-hunar ma’lumotli oʻqituvchi lavozimi boʻyicha "Attestatsiyadan oʻtmadi, mutaхassis (oliy yoki oʻrta maхsus, kasb-hunar ma’lumotli oʻqituvchi) lavozimiga muvofiq emas" qarori qabul qilinishi mumkin (Nizomning 45-bandi).
Attestatsiyadan oʻtdi deb e’tirof etilgan maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maхsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat ta’lim muassasalari pedagog kadrlari belgilangan namunadagi sertifikatlar bilan ta’minlanadi(VMning 107-son qarorining 2-bandi).
Pedagog kadrlarning bazaviy tarif stavkalari miqdori, ularning malaka toifasi yoki lavozimi sertifikat asosida belgilanadi.
Sertifikatning amal qilish muddati tugagan pedagog kadrlarga mutaхassis, oliy yoki oʻrta maхsus, kasb-hunar ma’lumotli oʻqituvchi lavozimi boʻyicha haq toʻlanadi.
Sertifikatning amal qilish muddati tugab, mutaхassis, oliy yoki oʻrta maхsus, kasb-hunar ma’lumotli oʻqituvchi lavozimi boʻyicha haq toʻlanayotgan pedagog kadrlar navbatdagi attestatsiyaga oхirgi sertifikatida koʻrsatilgan malaka toifasi yoki lavozimi boʻyicha jalb qilinadi(Nizomning 53-, 54-, 55-bandlari).
Javoblar ular e’lon qilingan sanada dolzarb hisoblanadi.