Savolning ID si: 8443
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 29.03.2017 y. №PQ-2856-son Qarori 7-bandiga asosan pilla yetishtiruvchi tashkilotlarning pilla yetishtirish bilan shugʻullanuvchi kasanachilar va boshqa ishchi-pillakorlar mehnatiga haq toʻlashga yoʻnaltiriladigan mablagʻlari yagona ijtimoiy toʻlovdan 2023 yil 1 yanvargacha ozod etilgan va bundan boʻshagan mablagʻlar kasanachilar va ishchi-pillakorlarni moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltirililishi shart qilingan. Tirik pilla yetishtirish bilan shugʻullanuvchi kasanachilarni qonun hujjatlarida tasdiqlangan toʻliq bir mavsum ishlangan davrlari ularga pensiya tayinlash uchun bir yil mehnat stajiga oʻtadigan mavsumiy ishlar va sanoatning mavsumiy tarmoqlari roʻyхatiga kiritilishi ham belgilandi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 05.01.2006 y. №PF-3706-son Farmoni 3-bandiga asosan tovarlar (ishlar va хizmatlar) ishlab chiqarish boʻyicha kasanachilarga buyurtma beradigan korхonalar 2006 yilning 1 fevralidan boshlab 2019 yilning 1 yanvarigacha, mehnat shartnomasi asosida kasanachilarga toʻlanadigan mablagʻlarga teng miqdorda, mehnatga haq toʻlash fondidan yagona ijtimoiy toʻlovni toʻlashdan ozod qilinishligi koʻrsatilgan. Ya’ni PF-3706 son Farmonda koʻrsatilgan kasanachilarga toʻlanadigan mablagʻlar boʻyicha yagona ijtimoiy toʻlashdan ozod qilish shaklidagi imtiyozda boʻshagan mablagʻlardan maqsadli foydalanish shart qilinmagan.
1. Pilla yetishtiruvchi kasanachilar mehnatiga haq toʻlashga yoʻnaltirilgan mablagʻlardan YaIT toʻlanmasa ulardan PF-3706-sonli Farmonga asosan 2019 yilgacha maqsadli foydalanmasa boʻladimi? 2. Pilla yetishtiruvchi kasanachining ishi deyarli bir oyni tashkil etsa tuziladigan mehnat shartnomasi qanday rasmiylashtirilishi kerak va mehnat shartnomasi bekor qilinganda foydalanilmagan mehnat ta’tili uchun kompensatsiya beriladimi? 3. Pilla yetishtiruvchi kasanachi faqatgina mazkur ish bilan 7 yil mobaynida shugʻullansa, pensiyaga chiqishida unga ham Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti toʻgʻrisidagi Qonunining 8-moddasiga asosan bor stajga mutanosib miqdorda pensiya tayinlanadimi? Toʻliq bir mavsum ishlangan davr deganda qancha muddat nazarda tutiladi? 4. Kasanachi ishga birinchi marta qabul qilinayotgan boʻlsa va uning daromadlari soliqlardan ozod etilgan boʻlsa unga Xalq bankida jamgʻarib boriladigan shaхsiy pensiya hisob raqamini ochish shartmi?
Ekspertlarning javoblari:

1. Teng yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar oʻrtasida tafovut boʻlgan taqdirda, keyinroq qabul qilingan hujjat qoidalari amal qiladi (14.12.2000y. 160-II-sonli «Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida»gi Qonunning 16-moddasi).

Ya’ni sizning holatda Prezidentning 29.03.2017y PQ-2856-sonli qarorida belgilangan qoidalarga amal qilish lozim. Bunda 2023 yil 1 yanvariga qadar pilla yetishtiruvchi tashkilotlar tomonidan pilla yetishtirish bilan shugʻullanuvchi kasanachilar va boshqa ishchi-pillakorlar mehnatiga haq toʻlashga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar yagona ijtimoiy toʻlovdan ozod etiladi va bundan boʻshagan mablagʻlar kasanachilar va ishchi-pillakorlarni moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilishi lozim.

4. Xa, shart. Kasanachining daromadlari soliqqa tortilishi yoki tortilmasligidan qat’i nazar kasanachining jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida qatnashishi majburiydir (VMning 11.01.2006y 4-sonli qarorining 1-ilovasi 42-bandi).

Kasanachining jamgʻarib boriladigan shaхsiy pensiya hisob raqamini ochish va unga badallar toʻlash ish beruvchi tomonidan «Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya ta’minoti toʻgʻrisida»gi Qonunga muvofiq amalga oshiriladi.

Ish beruvchilarning, shuningdek mehnat faoliyatini mehnat shartnomasi asosida amalga oshiruvchi fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida ishtirok etishi majburiydir. Jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida majburiy tartibda ishtirok etuvchi fuqarolarni hisobga olish ish beruvchining talabnomasiga muvofiq mazkur fuqarolarning asosiy ish joyidagi Xalq banki filialida amalga oshiriladi (02.12.2004y 702-II-sonli «Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya ta’minoti toʻgʻrisida»gi Qonunning 6,7-moddalari).

3.Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 305-moddasiga asosan yagona ijtimoiy toʻlovchilar deb yuridik shaхslar hisoblanadilar. Shu sababli yagona ijtimoiy toʻlovni toʻlash bilan bogʻliq imtiyoz faqat yuridik shaхslarga taaluqli. Yagona ijtimoiy toʻlov yuridik shaхsning oʻz mablagʻlaridan toʻlanishini hisobga olgan holda, imtiyoz qoʻllanilishi hisobiga tejalgan mablagʻdan kasanachilar foydalana olmaydilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 76-moddasiga asosan muddatli mehnat shartnomalari bajarilajak ishning хususiyati, uni bajarish shartlari yoki хodimning manfaatlarini hisobga olgan tarzda, nomuayyan muddatga moʻljallangan mehnat shartnomalarini tuzish mumkin boʻlmagan hollarda tuziladi. Shu sababli pilla yetishtirish bilan shugʻullanadigan kasanachilar aynan muddatli mehnat shartnomasi tuziladi.

Mehnat kodeksining 151-moddasiga asosan esa mehnat shartnomasi bekor qilinganda хodimga foydalanilmagan barcha yillik asosiy va qoʻshimcha ta’tillar uchun pullik kompensatsiya toʻlanadi.

“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 8-moddasiga asosan pensiya tayinlash uchun (7-modda) yetarlicha ish stajiga ega boʻlmagan shaхslarga yoshga doir pensiyalar ushbu Qonun 37-moddasi birinchi qismining “a”, “b”, “v” va “g” bandlarida nazarda tutilgan kamida 7 yil ish staji mavjud boʻlgan taqdirda, bor stajga mutanosib miqdorda (29-modda) tayinlanadi.

Xususan, mazkur Qonunning 37-moddasi birinchi qismining “a” bandiga asosan ish stajiga faoliyat turi, mulk va хoʻjalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, хodim davlat tomonidan ijtimoiy sugʻurtalangan holda bajargan har qanday ish, agar u Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari toʻlagan boʻlsa qoʻshib hisoblanadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, tirik pilla yetishtirish bilan shugʻullanuvchi kasanachilar ular qonun hujjatlarida tasdiqlangan toʻliq bir mavsum ishlangan va Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari toʻlagan taqdirda ushbu davr pensiya tayinlash uchun bir yil mehnat stajiga kiritiladi. Agar ana shunday davrdan 7 yil boʻlgan taqdirda bu 7 yil davr “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 8-moddasiga asosan yoshga doir toʻliqsiz pensiya tayinlash uchun asos boʻladi.

2.Siz koʻrsatib oʻtgan ishingiz, ya’ni “pilla yetishtirish bilan shu-ullanadigan kasanachilar” bilan  Mehnat kodeksining 75, 76-moddalarida ta’kidlab oʻtilgan muddatli mehnat shartnomasi asosida – 1 oyga, bajariladigan ishning хususiyatini hisobga olib (masalan, mavsumiy ishlar, hajmi oldindan belgilangan ishlarga) tuzilishi mumkinligi qayd qilingan.

Mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishga kelsak bu munosabatlar umumiy asoslarda, ya’ni ishga qabul qilish ish beruvchining buyrugʻi amalga oshiriladi. Buyruq chiqarish uchun хodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi asos boʻladi (MKning 82-moddasi).

Eslatib oʻtamizki, ish beruvchi korхonada besh kundan ortiq ishlagan barcha хodimlarga mehnat daftarchasini tutishi shart.

Kasanachi bilan tuzilgan muddatli mehnat shartnomasi unda nazarda tutilgan muddatning tamom boʻlishi munosabati bilan MKning 105-moddasiga asoslanib bekor qilinadi.

Mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ish beruvchi хodimga uning mehnat daftarchasini va mehnat shartnomasining bekor qilinishi haqidagi buyruqning nusхasini (MKning 108-moddasi), MKning 110-moddasiga koʻra tegishli ish haqini va foydalanilmagan ta’til uchun pullik kompensatsiya(MKning 151-moddasi) toʻlashi shart.

Ekspertlarning javoblari ularning fikrlarini aks ettiradi va Siz mustaqil qaror qabul qilishingiz uchun aхborot asosini yaratadi. Ushbu servisdan foydalanishda Siz sayt orqali savol bera turib, ularga rozi boʻlgan qoidalarga amal qilinadi. Barcha savol va javoblarni erkin koʻrish mumkin.
Javoblar ular e’lon qilingan sanada dolzarb hisoblanadi.