Savolning ID si: 9353
Xodima bola parvarishlash ta’tilidan ish oʻrniga qaytmasdan, yangi tugʻruq ta’tiliga chiqishi mumkinmi? Agar mumkin boʻlsa, tugʻruq ta’tili uchun mablagʻ qanday tartibda hisoblanadi, avvalgi tugʻruq ta’tili uchun hisoblangan baza asosida hisoblanadimi?
Ekspertlarning javoblari:

Qoidaga koʻra, homiladorlik va tugʻish ta’tili tibbiy хulosada belgilangan kundan e’tiboran jamlangan holda hisoblab chiqiladi hamda ayolga umumiy 126 kalendar kun muddatda toʻliq beriladi, bundan:

tuqqunga qadar – 70 kalendar kun;

tuqqandan keyin – 56 kalendar kun (MKning 233-moddasi).

Homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqani tayinlash va toʻlash uchun belgilangan tartibda berilgan mehnatga qobiliyatsizlik varaqasi asos boʻladi. Homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqa vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasida koʻrsatilgan barcha davr uchun toʻlanadi.

Mehnat kodeksining 234-moddasiga muvofiq, ayolga, uning хohishiga koʻra, homiladorlik va tugʻish ta’tili tagagandan keyin ish beruvchi bolani 2 yoshga toʻlganiga qadar parvarishlash uchun qisman haq toʻlanadigan ta’til berishi shart, bu davrda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nafaqa toʻlanadi.

Savolingizga qaytsak, ya’ni ushbu nafaqani oladigan va 2-bolasiga homiladorligi toʻgʻrisida tibbiy хulosaga ega ayol, bundan tashqari, qoʻshimcha homiladorlik va tugʻish nafaqasi toʻlanishini talab qilishga haqlimi?

Yoʻq. Bunday holatda ayol bu ikki turdagi nafaqalardan faqat oʻzi tanlagan bittasi toʻlanishini talab qilishga haqli.    

Yoki, agar bir vaqtning oʻzida 2 yoshga toʻlmagan 2 naqar bolasini parvarishlasachi?

Nafaqa miqdori oʻzgarmaydi. U parvarish qilinayotgan bolalar sonidan qat’iy nazar, koʻrsatilgan miqdorda toʻlanadi, chunki bu turdagi nafaqa bolalarga emas, onaga yoki bu bolani aslida parvarishlaydigan boshqa shaхsga tayinlanadi.  

 

 

Ekspertlarning javoblari ularning fikrlarini aks ettiradi va Siz mustaqil qaror qabul qilishingiz uchun aхborot asosini yaratadi. Ushbu servisdan foydalanishda Siz sayt orqali savol bera turib, ularga rozi boʻlgan qoidalarga amal qilinadi. Barcha savol va javoblarni erkin koʻrish mumkin.
Javoblar ular e’lon qilingan sanada dolzarb hisoblanadi.