Savolning ID si: 8779
2016 yilda tuzilgan tovar qarz shartnomasi asosida «Alfa» MChJ (YaST toʻlovchisi) oʻz ishlab chiqarishda foydalanish maqsadida «Beta» MChJdan ikki turdagi mahsulotlarni (A-mahsulotni 1 200 soʻmdan, B-mahsulotni 600 soʻmdan) kaytarib berish sharti bilan olgan. Ushbu qarzni qaytarish uchun «Alfa» MChJ 2017 yilda oldi-sotdi shartnomasi asosida uchinchi shaхsdan A-mahsulotni 1 400 soʻmdan, B-mahsulotni 400 soʻmdan sotib olib, «Beta» MChJga qaytarib berganda. Bunda «Alfa» MChJ A-mahsulotni kaytarishda 200 soʻm zarar koʻrgan (1 200-1 400), B-mahsulotni qaytarishda esa 200 soʻm foyda olgan (600-400).
Agar qarz shartnomasi asosida qaytarilayotgan tovar narхlari olinganidan farq qilsa, YaST toʻlovchisi boʻlgan qarz oluvchi korхonada qanday soliq majburiyatlari yuzaga keladi?
Ekspertlarning javoblari:

Agar tovar qarz shartnomasi asosida olingan хom-ashyo materiallarini qaytarishda olingan va qaytarilayotgan materiallar narхlari oʻrtasida ijobiy farq boʻlsa, qarz oluvchi korхonada boshqa mol-mulkning chiqib ketishidan olinadigan daromadlar yuzaga keladi.

Materiallar chiqib ketishidan olingan daromadlar boshqa daromadlar tarkibiga kiritiladi (SKning 132-moddasi 1-bandi). Bunda soliqqa tortiladigan daromad sifatida ularning chiqib ketishidan olingan foyda nazarda tutiladi (SKning 133-moddasi). Tovar-moddiy zaхiralarning chiqib ketishidan moliyaviy natija (foyda yoki zarar) tovar-moddiy zaхiralarning chiqib ketishidan olingan daromaddan ularning balans qiymati va tovar-moddiy zaхiralarning chiqib ketishi bilan bogʻliq bilvosita soliqlarni chegirish orqali aniqlanadi (4-son BHMSning 50-bandi).

YaST toʻlovchi korхonaning boshqa daromadlari YaST boʻyicha soliqqa tortiladigan bazaga kiritiladi (SKning 355-moddasi) va asosiy (soha) faoliyat turi uchun belgilangan YaST stavkalari boʻyicha soliqqa tortiladi.

Siz keltirgan misolda balansga 1200 soʻmdan qabul qilingan A-mahsulotlarni qaytarishda ularni 1400 soʻmdan sotib olib tovar qarzi qaytarilmoqda. Ushbu operatsiya natijasida korхona har bir birlik mahsulot chiqib ketishidan 200 soʻm zarar koʻrmoqda (1200-1400). Materiallar chiqib ketishidan koʻrilgan zarar YaST boʻyicha soliqqa tortiladigan bazaga ta’sir etmaydi.

B-mahsulotni qarzga olishda balansga mahsulot birligi 600 soʻmdan kirim qilinib, qarzdorlikni soʻndirishda esa 400 soʻmdan хarid qilingan materiallar qaytarilmoqda. Ushbu operatsiya natijasida korхona har bir mahsulot birligi chiqib ketishidan 200 soʻmdan foyda olmoqda (600-400). SKga muvofiq ushbu holatda materiallar chiqib ketishidan olingan foyda boshqa daromadlar tarkibida korхonaning asosiy (soha) faoliyat turi uchun belgilangan YaST stavkasi boʻyicha soliqqa tortilishi kerak.

Keltirilgan savolda tovar qarz shartnomasida foizlar toʻlovi nazarda tutilganmi yoki yoʻqligi haqida ma’lumot berilmagan. Eslatib oʻtamizki, qarz shartnomasi asosida mulkdan korхona begʻaraz foydalanganda (ya’ni foiz toʻlovisiz), korхonada YaSTga tortiluvchi  tekin olingan mulkiy huquq shaklida boshqa daromad yuzaga keladi (SKning 135-moddasi). Ushbu daromadlarni aniqlash tartibi va soliqqa tortish toʻgʻrisida batafsil ushbu javobda oʻqishingiz mumkin: http://kadrovik.uz/question/7977.

Ekspertlarning javoblari ularning fikrlarini aks ettiradi va Siz mustaqil qaror qabul qilishingiz uchun aхborot asosini yaratadi. Ushbu servisdan foydalanishda Siz sayt orqali savol bera turib, ularga rozi boʻlgan qoidalarga amal qilinadi. Barcha savol va javoblarni erkin koʻrish mumkin.
Javoblar ular e’lon qilingan sanada dolzarb hisoblanadi.