So'ngi yangiliklar
special

Maxsus taklif!

Siz kadrlar bo’limi xodimimisiz?

Sizda kadrlar bo’limida yuritiladigan hujjatlarning namunalari (turli buyruqlar, lavozim yo’riqnomalari) bormi?

Unday bo’lsa, sizni saytimiz bilan hamkorlik qilishga, aniqrog’i ma’lumotlarni bo’lishishni taklif qilaman.

Tabiiy savol tug’iladi: Bundan menga qanday foyda?

Hech qanday moddiy foyda bo’lmasligi mumkin. Ammo jamiyatga, boshqalarga albatta foydasi bo’ladi. Quyida ushbu fikrimni asoslashga harakat qilaman.

Ushbu sayt ishga tushgandan buyon bizga murojaat qilganlarning aksariyati lavozim yo’riqnomalarining, turlicha buyruqlarning namunalarini, qanday bo’lishini so’rashadi. Tabiiyki, barcha turdagi buyruqlar bitta korxona yoki tashkilotda bo’lmaydi. Lavozim yo’riqnomalarini aytmasa ham bo’ladi. Kadrlar bo’limiga endi ishga kirgan xodimlar bunday ma’lumotlarni topishga qiynalishadi. Ko’pchiligi chala ma’lumotlarni topishsa, ayrimlari boshidan o’zi qilib chiqadi. Natijada qilingan ishlarda kamchiliklar ko’payib ketadi. Qolaversa, juda ko’p vaqt ketadi. Shunday paytda internet saytida kadrlar bo’limida ish yuritishga oid barcha hujjatlar haqida tushuncha, ularning namunalari paketlari (buyruqlar paketlari, lavozim yo’riqnomalari paketlari, kartochkalar, jadvallar, tabellar) hamda ularni qanday yuritish bo’yicha onlayn qo’llanma bo’lsa, ularning ishi tez va oson bitadi hamda sifatli bo’ladi. Ayrim kamchiliklari borlari esa, o’z kamchiligini to’ldirib olishadi.

Kadrovik.uz sayti aslida shu kabi maqsadda ochilgan sayt. Ammo ushbu maqsadlarga erishish uchun bitta korxona yoki tashkilotning mutaxassisi kamlik qilar ekan. Buning uchun turli tashkilotlarda kadrlar bilan ishlovchi mutaxassislarning ishlari natijalari namunalari kerak bo’lar ekan.

Nima qilish kerak?

O’zingizda mavjud bo’lgan kadrlar bo’limida ish yuritishga oid hujjatlarning elektron variantini (turli mazmundagi buyruqlar va lavozim yo’riqnomalari, shaxsiy kartochkalar, kitoblar va boshqalar) uz.kadrovik@mail.ru elektron pochtasiga yuborishingizni so’raymiz.

Hujjatlardagi korxona nomlari va xodimlarga oid ma’lumotlarchi?

Buyruqlardagi bunday ma’lumotlarni xohlasangiz o’chirib tashlang, xohlasangiz qoldiring, xohlasangiz o’zartiring. Biz bunday ma’lumotlardan foydalanmasdan, faqat namunaviy shaklga solamiz.

Jo’natilgan materiallar nima qilinadi?

Biz Siz yuborgan materiallarni umumlashtirib, kadrlar bo’limida yuritiladigan hujjatlarning kataloglari va buyruqlar namunalarini umumlashtirib, mukammal holatga keltirib, Mehnat qonunchiligiga muvofiq holda standart qilib qayta ishlab chiqamiz. Lavozim yo’riqnomalarini ham umumlashtirib, kerak bo’lsa tog’rilab, to’plam holatiga keltiramiz. Shundan so’ng, kadrlar bo’limiga oid barcha hujjatlarning tavsifi, to’ldirilishi, foydalanilishiga oid onlayn qo’llanma va ularning namunalarining onlayn katalogini saytga ochiq manba holatida qo’yamiz.

Bundan kimga foyda?

Ushbu ish natijasida respublika bo’yicha o’zbek tilida ish yurituvchi kadrlar bo’limi xodimlari o’zlariga zarur bo’lgan hujjat namunasini internetdan oson topib, yuklab olishi, uning to’g’ri to’ldirilishi haqida ma’lumotga ega bo’lishi mumkin. Natijada kadrlar bo’limida yuritiladigan hujjatlarda kamchiliklar bartaraf etiladi. Bu esa, xodimlarning huquqlari buzilishini oldini oladi. Qonun ustuvorligini ta’minlaydi.

Shu bilan birga, saytimiz Mehnat huquqi va Ijtimoiy ta’minot huquqi bo’yicha har qanday huquqiy savollarga asosli huquqiy javoblar berishda davom etadi.

Taklifimizni to’g’ri tushunganingizdan va bizga, biz orqali aksariyat insonlarga, jamiyatga yordam berayotganingizdan xursandmiz hamda minnatdormiz.

Agar biz bilan bog’lanmoqchi bo’lsangiz, «Bog’lanish» bo’limi orqali yoki quyidagi shakl orqali aloqaga chiqing.

10
0

Muallif: G'ayrat Bozorov